Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida oliy darajada erishilgan kelishuvlarning bajarilish holatini ko‘rib chiqdi. Majlis parlament nazorati doirasida o‘tkazildi.
Masʼul vazirlik va idoralar vakillari investitsiyalar, sanoat va savdo, qishloq xo‘jaligi, tog‘-kon sanoati va geologiya, raqamli texnologiyalar, qurilish, yengil sanoat, oziq-ovqat xavfsizligi, temir yo‘l transporti, farmatsevtika va ilm-fan kabi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdilar. O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi vakili ham hamkorlikning amaliy jihatlari to‘g‘risida axborot taqdim etdi.
Majlis davomida so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilgani taʼkidlandi. Tomonlar siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy aloqalar, investitsiyaviy hamkorlik, transport-logistika yo‘nalishlari, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, taʼlim, ilm-fan hamda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni izchil rivojlantirmoqda.
Ishtirokchilar O‘zbekiston Prezidentining 2026 yil 5–6 fevral kunlari Pokistonga davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratdilar. Ushbu kelishuvlarni bajarish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 16 apreldagi 174-son qarori bilan tegishli «yo‘l xaritalari» tasdiqlangan.
Ishtirokchilar mazkur hujjatlarda belgilangan vazifalarning bajarilish jarayoni, amalga oshirilgan ishlar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish choralarini ko‘rib chiqdilar. Erishilgan natijalar bilan bir qatorda, ayrim yo‘nalishlarda kechikishlar saqlanib qolayotgani qayd etildi.
Shu munosabat bilan masʼul ijrochilar o‘rtasidagi muvofiqlashtirishni kuchaytirish, belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishini taʼminlash zarurligi taʼkidlandi.
So‘zga chiqqanlar kelishuvlar ijrosini faqat amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotlar asosida emas, balki aniq amaliy natijalar orqali ham baholash muhimligini qayd etdilar.
Bundan tashqari, Pokiston tomoni bilan birgalikda hal etilishi lozim bo‘lgan masalalarni parlamentlararo muloqot doirasida muhokamaga olib chiqish zarurligi taʼkidlandi.
Majlis yakunida tegishli qaror qabul qilindi.