Shoshilinch
O‘zbekiston

Oʻzbekiston Afgʻonistondan 48,5 kg giyohvand moddalar kontrabandasining oldini oldi

Oʻzbekiston Afgʻonistondan 48,5 kg giyohvand moddalar kontrabandasining oldini oldi
Oʻzbekiston Afgʻonistondan 48,5 kg giyohvand moddalar kontrabandasining oldini oldi / Foto: DXX matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “Ayritom” chegara bojxona postida Afg‘onistondan O‘zbekiston hududiga katta miqdordagi giyohvandlik moddalarini noqonuniy olib kirishning oldi olindi.

Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari va Davlat bojxona qo‘mitasi xodimlari “Mercedes-Benz” rusumli yuk avtomobili tirkamasidan tarkibida gashish va afyun bo‘lgan 98 ta o‘ramni aniqladi.

Jami yashirilgan joydan 39 kilogramm 86 gramm gashish va 9 kilogramm 498 gramm afyun ashyoviy dalil sifatida olindi.

Avtomobil Afg‘onistondan O‘zbekiston hududiga kirib kelayotgan bo‘lgan. Uni 1985 yilda tug‘ilgan, Termiz tumanida yashovchi fuqaro boshqarib kelgan.

Giyohvandlik moddalari tirkamaning poli ostiga yashirilgan.

Chuqurlashtirilgan tekshiruv davomida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari yukxona bog‘lovchi elementining pastki qismi ostida maxsus jihozlangan yashirin joyni aniqladi. Uning ichida giyohvandlik vositalari ekani taxmin qilinayotgan moddalar solingan 98 ta o‘ram borligi aniqlandi.

Taqiqlangan moddalarni yashirish uchun polietilen paketlar, folga va skotchdan foydalanilgan. Aniqlangan o‘ramlar belgilangan protsessual tartibda olib qo‘yildi.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Tergov doirasida giyohvandlik moddalarini noqonuniy olib kirishni tashkil etishga aloqador buyurtmachilar va boshqa shaxslarni aniqlash choralari ko‘rilmoqda.

Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari va Davlat bojxona qo‘mitasi mamlakatga giyohvand moddalar kontrabandasi kanallarini aniqlash va ularga barham berish bo‘yicha hamkorlikda ish olib bormoqda.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.