Shoshilinch
O‘zbekiston

Chortoq tumanida ekotizimlarni tiklash bo'yicha hamkorlik rivojlanmoqda

Chortoq tumanida ekotizimlarni tiklash bo'yicha hamkorlik rivojlanmoqda
Chortoq tumanida ekotizimlarni tiklash bo'yicha hamkorlik rivojlanmoqda / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Chortoq tumanida yerlarning degradatsiyasining oldini olish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekotizimlarni tiklash masalalariga bag‘ishlangan ikki kunlik seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbir BMT Taraqqiyot dasturining «Dunyo o‘rmonlari tashabbusi» loyihasi doirasida tashkil etildi.

Seminarda Hazratishoh, To‘riq va Zangiobod mahallalari aholisi, shuningdek, o‘rmon xo‘jaligi tizimi vakillari ishtirok etdi. Ishtirokchilar iqlim o‘zgarishi va suv resurslari tanqisligi sharoitida tabiatga asoslangan yechimlarni qo‘llash imkoniyatlarini muhokama qildi.

Mavjud tabiiy resurslarni saqlash va hududlarning ekologik barqarorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi. Ishtirokchilar ekotizimlarni tiklash va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy yondashuvlar yuzasidan fikr almashdi.

Seminar yakunlari bo‘yicha pilot hududlar uchun ekotizimlarni barqaror tiklash choralarini nazarda tutuvchi «Qo‘shma harakatlar rejasi» ishlab chiqildi. Bundan tashqari, jamoalar vakillari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolandi.

Erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi Chortoq tumanida ekologik barqarorlikni mustahkamlash va tabiiy resurslardan yana-da samarali foydalanishga xizmat qilishi kutilmoqda.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.