Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi Burjar ko‘chasi Pekin ko‘chasi deb qayta nomlandi. Tegishli qaror Xalq deputatlari Kengashi tomonidan qabul qilindi.
Hujjatga muvofiq, “Rakatboshi” mahallasi hududida joylashgan Burjar ko‘chasini Pekin ko‘chasi deb qayta nomlash bo‘yicha Yakkasaroy tumani hokimligining taklifi maʼqullangan.
Toshkent shahar hokimining o‘rinbosarlari va Yakkasaroy tumani hokimligiga ko‘chani qayta nomlash munosabati bilan mahalliy aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish topshirildi.
Masʼul organlar, shuningdek, hujjatlarga tegishli o‘zgartishlar kiritishi va zarur choralarni ko‘rishi kerak.
Ko‘chmas mulk kadastri palatasining Toshkent shahar boshqarmasiga qayta nomlangan ko‘chada joylashgan ko‘chmas mulk obyektlari manzillarini aniqlash, o‘zgartirish va normallashtirish bo‘yicha ishlarni ikki oy muddatda amalga oshirish topshirildi.
Toshkent shahar hokimligining Obodonlashtirish bosh boshqarmasiga ko‘chaning yangi nomi ko‘rsatilgan ko‘rsatkichlar va lavhalarni o‘rnatish hamda almashtirish ishlarini uch oy muddatda yakunlash vazifasi yuklatildi.