O‘zbekiston

Farg‘ona va Ulsan amaliy hamkorlikni kengaytirib boradi

Farg‘ona va Ulsan amaliy hamkorlikni kengaytirib boradi
Farg‘ona va Ulsan amaliy hamkorlikni kengaytirib boradi / Foto: Farg'ona viloyati hokimiyati matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Koreya Respublikasining Ulsan metropoliya shahriga amaliy tashrifi doirasida shahar meri Kim San Uk bilan uchrashdi. Tomonlar birodarlashgan shaharlar o‘rtasidagi munosabatlarni yana-da rivojlantirish, aniq loyihalarni amalga oshirish va hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini muhokama qildi. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi xabar berdi.

Ulsan Koreya Respublikasining yirik sanoat va eksport markazlaridan biri hisoblanadi. Shahar iqtisodiyotining asosini avtomobilsozlik, kemasozlik va neft-kimyo sanoati tashkil etadi. Rivojlanishning yangi yo‘nalishlari qatorida vodorod energetikasi, ofshor shamol energetikasi, kelajak avtomobillari va zamonaviy energetika texnologiyalari bor.

Uchrashuv davomida Ulsanning sanoat taraqqiyotini ekologik barqarorlik bilan uyg‘unlashtirish borasidagi tajribasi ham taqdim etildi.

Jumladan, avval sanoat chiqindilari bilan jiddiy ifloslangan Texvagang daryosining qayta tiklangani qayd etildi. Keng ko‘lamli tiklash ishlaridan so‘ng daryo shaharning muhim ekologik hududlaridan biriga aylangan.

Farg‘ona va Ulsan o‘rtasidagi munosabatlar 2025 yilda faol rivojlana boshladi. Shu yilning mart oyida Farg‘onada do‘stona aloqalar va hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha niyatlar protokoli imzolangan bo‘lsa, oktyabr oyida Ulsanda birodarlashgan shaharlar munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida kelishuv tuzildi.

Hozirgi vaqtda hamkorlik doirasida Farg‘onada koreys standartlari asosida mutaxassislar tayyorlash ishlari olib borilmoqda. Viloyatning yosh aholisi ham Ulsandagi kemasozlik korxonalarida ishlab, zamonaviy texnologiyalar, ishlab chiqarish madaniyati va sanoat standartlari bilan tanishmoqda.

Tomonlar Ulsanning sanoat tajribasi va texnologiyalarini Farg‘ona viloyatiga jalb qilish, ishlab chiqarish kooperatsiyasini rivojlantirish, avtomobilsozlik va kelajak mobilligi, energetika hamda “yashil” sanoat sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.

Madaniy va gumanitar aloqalarni mustahkamlash maqsadida Farg‘onada «Ulsan kunlari»ni o‘tkazish taklifi ham bildirildi.

«Biz Farg‘ona va Ulsan o‘rtasida imzolangan hujjatlarni shunchaki diplomatik kelishuvlar sifatida emas, balki uzoq muddatli do‘stlik, iqtisodiy va texnologik sheriklikning mustahkam poydevori sifatida ko‘ramiz. Eng muhimi — bu do‘stlikning natijalarini xalqlarimiz, yoshlarimiz va tadbirkorlarimiz his qilishi kerak», — dedi Xayrullo Bozorov.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar hamkorlikni yana-da rivojlantirish choralarini belgilab, tegishli «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqishga kelishib oldi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.