O‘zbekiston

O‘zbekiston vakillari WTIS-26 simpoziumida ishtirok etdi

O‘zbekiston vakillari WTIS-26 simpoziumida ishtirok etdi
O‘zbekiston vakillari WTIS-26 simpoziumida ishtirok etdi / Foto: Oʻzbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi vakillari 7–8 sentyabr kunlari Jenevada bo‘lib o‘tgan Elektr aloqasi va AKT sohasidagi jahon ko‘rsatkichlari bo‘yicha 21-simpozium — WTIS-26 tadbirida ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.

Simpoziumning asosiy mavzusi raqamli siyosatni shakllantirishda statistik maʼlumotlarning roliga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar tez o‘zgarayotgan raqamli muhit sharoitida maʼlumotlardan samarali foydalanish, dalillarga asoslangan yondashuvlarni qo‘llash, shuningdek, raqamli transformatsiyani o‘lchashning yangi usullarini muhokama qildi.

WTIS-26 dasturidan raqamli inklyuziya, maʼlumotlarning yangi manbalaridan foydalanish, rasmiy statistikada sunʼiy intellektni qo‘llash va raqamli transformatsiya barqarorligini baholash masalalari o‘rin oldi. Shuningdek, davlat siyosati va rasmiy statistikani shakllantirishda sunʼiy intellekt hamda mobil maʼlumotlardan foydalanish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Tadbir doirasida ITU Data Hackathon natijalari taqdim etildi. Ishtirokchilarga raqamli tafovutni aniqlash, raqamli aloqa bilan bog‘liq yashirin muammolar mavjud hududlarni belgilash hamda universal va mazmunli raqamli ulanishni taʼminlashga qaratilgan maʼlumotlarga asoslangan yechimlar namoyish etildi.

Simpozium Xalqaro elektr aloqa ittifoqining (ITU) Elektr aloqasi/AKT ko‘rsatkichlari bo‘yicha ekspertlar guruhi (EGTI) hamda Uy xo‘jaliklarida AKT ko‘rsatkichlari bo‘yicha ekspertlar guruhi (EGH)ning yillik yig‘ilishlari bilan ketma-ket o‘tkazildi.

9–11 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tgan EGH va EGTI yig‘ilishlarida AKT sohasidagi ko‘rsatkichlarni takomillashtirish, yangi indikatorlarni ishlab chiqish va 2027 yil uchun ish yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Xususan, ishtirokchilar uy xo‘jaliklarida sunʼiy intellektdan foydalanishni o‘lchash, sunʼiy yo‘ldosh tizimlari orqali keng polosali internetga ulanish ko‘rsatkichlari, AKTning atrof-muhitga taʼsirini baholash, sunʼiy intellekt infratuzilmasi, maʼlumotlarni raqamli vizualizatsiya qilish va GIS vositalaridan foydalanish masalalarini ko‘rib chiqdi.

WTIS — Xalqaro elektr aloqa ittifoqi tomonidan raqamli rivojlanishni o‘lchash, raqamli siyosatni shakllantirishda statistik maʼlumotlardan foydalanish va AKT sohasidagi ko‘rsatkichlarni takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro tadbir hisoblanadi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.