Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — WB Taxi servisi O‘zbekiston Raqobat qo‘mitasi tomonidan isteʼmolchilarning shikoyatlari munosabati bilan o‘tkazilayotgan tekshiruvga izoh berdi. Kompaniya yo‘lovchilarning qulayligi va xavfsizligi ustuvor vazifa ekanini taʼkidlab, servis qonunchilik talablariga rioya etilishini nazorat qilib borishini bildirdi. Bu haqda WB Taxi xabar berdi.
Kompaniya maʼlumotlariga ko‘ra, platformaga ulangan hamkor taksi kompaniyalaridan ham qonunchilik talablariga rioya qilish talab etiladi.
WB Taxi O‘zbekiston davlat organlari bilan doimiy hamkorlik qilib kelmoqda. Hamkorlar tomonidan qoidabuzarliklar sodir etilgani haqida maʼlumot olingan taqdirda, kompaniya zudlik bilan chora ko‘radi va muammolarni bartaraf etadi.
Kelib tushayotgan har bir so‘rov qonunchilikda belgilangan muddatda ko‘rib chiqiladi.
Kompaniya taʼkidlashicha, xizmat ko‘rsatish sifati pastligi haqidagi har bir xabar, u foydalanuvchilar yoki nazorat qiluvchi organlardan kelib tushganidan qatʼi nazar, alohida tartibda ko‘rib chiqiladi.
Qoidabuzarlikka shubha tug‘ilgan taqdirda, tekshiruv o‘tkazish davrida haydovchining akkaunti bloklanadi. Maʼlumot tasdiqlangan holatda esa haydovchiga doimiy blok qo‘llaniladi.
Hatto qoidabuzarlik tasdiqlanmagan holatlarda ham kompaniya kelgusida bunday vaziyatlarning oldini olish maqsadida haydovchi bilan ish olib boradi. Shu bilan birga, hodisa haqidagi maʼlumot haydovchi hamkorlik qilayotgan taksoparkka taqdim etiladi.
WB Taxi taʼkidlashicha, servis litsenziya kartochkalarisiz haydovchilarni ishga qabul qilmaydigan kam sonli agregatorlardan biri bo‘lib qolmoqda. Kompaniya yo‘lovchilarni tashish uchun qonunchilikda talab etiladigan ruxsatnomalar mavjudligini taʼminlaydi va ularni tekshiradi.
WB Taxi taʼkidlashicha, bu xizmat ko‘rsatish darajasini nazorat qilish va uni muntazam ravishda oshirish imkonini beradi. 2026 yil yanvar-sentyabr oylarida servis sifatiga norozi bo‘lgan foydalanuvchilar ulushi foizning mingdan bir qismidan oshmagan.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi WB Taxi‘ni tekshirayotgani haqida xabar berilgan edi. Birinchi sakkiz oy davomida idora agregator faoliyati bilan bog‘liq 20 ga yaqin murojaat va ijtimoiy tarmoqlardagi publikatsiyalarni qayd etgan.
Murojaat qiluvchilar WB Taxi avtomobillari har doim ham ko‘rsatilgan manzilga yetib kelmasligi, shuningdek, servisda haydovchilar bilan qayta aloqa qilish funksiyasi mavjud emasligini bildirgan. Qo‘mita, shuningdek, «Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi va «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi qonunlar talablariga yetarlicha rioya etilmayotganini aniqlab, WB Taxi‘ga tegishli so‘rov yuborgan.