Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati delegatsiyasi hokim Xayrullo Bozorov boshchiligida Ulsan metropoliya shahri ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar Farg‘ona viloyatida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflarni muhokama qildi. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi xabar berdi.
Muzokaralar davomida sanoat, yengil sanoat, kosmetika mahsulotlari ishlab chiqarish, xizmatlar va kadrlar tayyorlash sohalaridagi tashabbuslar taqdim etildi.
Xususan, sport, turizm va faol dam olish uchun zamonaviy kiyim-kechak hamda jihozlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan KOLPING CO., LTD kompaniyasi bilan hamkorlik masalasi muhokama qilindi. Kompaniya Farg‘ona viloyatida tegishli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Ulsan Pipe Cleaning, Carpos va HANKEI HOLDINGS kompaniyalari vakillari ham sanoat, kosmetika mahsulotlari ishlab chiqarish va boshqa yo‘nalishlardagi loyiha takliflarini taqdim etdi. Uchrashuv ishtirokchilari Farg‘onada loyihalarni amalga oshirish, mahalliy tadbirkorlar bilan kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish va ishlab chiqarishni tashkil etish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Inson kapitalini rivojlantirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Ishtirokchilar Farg‘ona viloyatida zamonaviy kasblarga o‘qitish markazini tashkil etish, yoshlarni koreys tili va talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlash, shuningdek, malakali mutaxassislarni Koreya Respublikasida qonuniy mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish uchun yo‘naltirishga ko‘maklashishni taklif qildi.
Xayrullo Bozorov taqdim etilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab, koreyalik tadbirkorlarni Farg‘onaga tashrif buyurishga taklif qildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar har bir loyihaning aniq parametrlarini ishlab chiqishni boshlash, mahalliy hamkorlarni belgilash va erishilgan kelishuvlarni amaliy bosqichga o‘tkazishga kelishib oldi.