Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Ulsan metropoliya shahri Kengashi raisi Li Yon Xe bilan uchrashdi. Tomonlar mahalliy vakillik organlari darajasida hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va ularning Kengashlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi xabar berdi.
Xayrullo Bozorov O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida davlat va jamoat boshqaruvida mahalliy Kengashlarning roli izchil oshib borayotganini taʼkidladi.
Xususan, u mahalliy vakillik hamda ijro etuvchi hokimiyat organlari vakolatlarining ajratilishi, Kengashlarning mustaqilligini mustahkamlash va hududlarni rivojlantirishning muhim masalalarini hal etishda ularning masʼuliyatini oshirishga eʼtibor qaratdi.
Farg‘ona viloyati va Ulsan shahri Kengashlari o‘rtasida tajriba almashish, shuningdek, parlamentlararo va hududlararo muloqotni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv ishtirokchilari, shuningdek, sanoat va investitsiyalar, taʼlim, mahalliy boshqaruv hamda hududlarni barqaror rivojlantirish sohalaridagi hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalalarini muhokama qildi.
Ulsan metropoliya shahri Kengashi shaharning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga oid asosiy masalalarni muhokama qilish, tegishli qarorlarni qabul qilish va mahalliy boshqaruv jarayonlarida aholi manfaatlarini ifodalashda ishtirok etuvchi mahalliy vakillik organi hisoblanadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar Farg‘ona viloyati va Ulsan mahalliy vakillik organlari o‘rtasida muntazam muloqot va amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan o‘zaro manfaatdor ekanini bildirdi.