Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zbekgidroenergo” AJ va Janubiy Koreyaning Kumsung Engineering & Construction Co., Ltd. kompaniyasi O‘zbekistonda mikroGESlarni rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritalarini ishlab chiqishga kelishib oldi. Tomonlar, shuningdek, kichik va mikroenergetika sohasidagi Koreya texnologiyalarini moslashtirish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildi. Bu haqda “O‘zbekgidroenergo” AJ xabar berdi.
“O‘zbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisi Islom Abduraxmonov boshchiligidagi delegatsiya uchun Kumsung Engineering & Construction kompaniyasi taqdimot o‘tkazdi. Unda kompaniya faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, ishlab chiqarish quvvatlari, texnologik imkoniyatlari va mahsulotlar katalogi taqdim etildi. Shuningdek, kichik va mikro gidroenergetikani rivojlantirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Kichik va mikroGESlarni qurish bo‘yicha ilg‘or Koreya texnologiyalarini O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish, shuningdek, mavjud irrigatsiya tarmoqlari va gidrotexnika inshootlarining energetik salohiyatidan samarali foydalanishga alohida eʼtibor qaratildi.
Bundan tashqari, tomonlar zamonaviy gidroagregatlarni mahalliy ishlab chiqarish, texnologiyalarni o‘zlashtirish va qo‘shma amaliy loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibidan “Gidroproyekt” AJ, “Uzhydropower” zavodi, Milliy tadqiqot universiteti “TIIIMSX” hamda Toshkent davlat texnika universiteti professor-o‘qituvchilari vakillari o‘rin oldi. Bu hamkorlik istiqbollarini ishlab chiqarish, muhandislik va ilmiy-texnik nuqtai nazardan kompleks ravishda ko‘rib chiqish imkonini berdi.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda mikroGESlarni rivojlantirishga qaratilgan yo‘l xaritalarini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, tomonlar istiqbolli loyihalar ustidagi ishlarni davom ettirish maqsadida Kumsung Engineering & Construction vakillarining kelasi oyda O‘zbekistonga rasmiy tashrifini tashkil etishga kelishib oldi.