Iqtisod

Mirziyoyev Hyundai kompaniyasi bilan Oʻzbekistondagi yangi loyihalarni muhokama qildi

Mirziyoyev Hyundai kompaniyasi bilan Oʻzbekistondagi yangi loyihalarni muhokama qildi
Mirziyoyev Hyundai kompaniyasi bilan Oʻzbekistondagi yangi loyihalarni muhokama qildi / Foto: Oʻzbekiston Prezidenti matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Seul shahriga tashrif doirasida “Hyundai Motor Group” strategiya bo‘yicha prezidenti Kim Son, “Kia Motors” katta vitse-prezidenti Cho San Un va “Hyundai Rotem” direktorlar kengashi raisi Li Yon Be bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Kompaniyalar guruhining Oʻzbekistonda avtomobil va transport sohalarini rivojlantirishga qoʻshayotgan hissasi yuqori baholandi. Jizzaxda tashkil etilgan avtomobil klasterida ishlab chiqarishni kengaytirish va avtomobil butlovchi qismlarini mahalliylashtirish darajasini oshirish masalalari koʻrib chiqildi.

“Kia” avtomobillarini ishlab chiqarishning toʻliq zanjiri yoʻlga qoʻyilayotgani va eksport hajmi ortib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Yangi rusumdagi avtomobillar ishlab chiqarishni boshlash va presslash sexini ishga tushirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, elektr va gibrid avtomobillar yigʻishni yoʻlga qoʻyish istiqbollari koʻrib chiqildi.

Yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Hyundai Rotem” poyezdlari Toshkent – Xiva yoʻnalishida qatnay boshladi va yoʻl vaqtini ikki barobar qisqartirdi. Kompaniya tomonidan qoʻshimcha poyezdlarni yetkazib berish masalalari muhokama qilindi.

Mamlakatimizda “Hyundai Rotem” servis markazini tashkil etish, butlovchi qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda elektr dvigatellari uchun magnitlar ishlab chiqarish masalasini oʻrganish muhimligi taʼkidlandi.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.