Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati va Janubiy Koreyaning Nonsan shahri qishloq xo‘jaligi, agrotexnologiyalar, mahsulotlarni qayta ishlash va innovatsiyalar sohasida amaliy hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi xabar berdi.
Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Chxunchxon-Namdo provinsiyasi Nonsan shahri meri Bek Son Xyon bilan uchrashdi.
Tomonlar iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuvda qishloq xo‘jaligi va sanoat zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda rivojlanayotgan Nonsan tajribasiga alohida eʼtibor qaratildi. Shahar Janubiy Koreyada qulupnay yetishtirish bilan mashhur bo‘lib, mahsulot yetishtirish, agrotexnologiyalarni joriy etish, qayta ishlash, qo‘shilgan qiymat yaratish va tayyor mahsulotlarni ilgari surishni qamrab olgan kompleks yondashuvdan foydalanadi.
2027 yilda Nonsan shahrida Nonsan World Strawberry Industry Expo — Jahon qulupnay sanoati ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv ishtirokchilari shahar tajribasi Farg‘ona viloyati uchun katta qiziqish uyg‘otishini taʼkidladi.
Tomonlar Farg‘ona viloyatining qishloq xo‘jaligi salohiyatini Nonsan texnologiyalari bilan birlashtirish, meva-sabzavot mahsulotlarini chuqur qayta ishlashni rivojlantirish, shuningdek, zamonaviy issiqxona va intensiv yetishtirish usullarini joriy etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Takliflardan biri Nonsanning qulupnay yetishtirish sohasidagi tajribasi asosida Farg‘ona viloyatida ko‘chat yetishtirish va intensiv qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha zamonaviy markaz tashkil etishdan iborat bo‘ldi.
Mutaxassislar tayyorlash masalasi ham alohida muhokama qilindi. Xususan, Farg‘onadan yosh mutaxassislarni Nonsanga qisqa muddatli stajirovkalarga yuborish va koreyalik ekspertlarni viloyatga taklif qilish taklif etildi.
Shuningdek, tomonlar universitetlar va ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasida qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish masalasini ko‘rib chiqdi.
Nonsan tajribasi qishloq xo‘jaligi bilan cheklanmaydi. Shaharda iqtisodiyot, agrar sektor va turizmni birlashtirgan yondashuv amalga oshirilmoqda. Yangi iqtisodiy strategiya doirasida mudofaa sanoati, sunʼiy intellekt, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari (R&D) ham rivojlantirilmoqda.
Xayrullo Bozorov Farg‘ona viloyatida investorlar uchun yaratilgan sharoitlar, sanoat va qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan loyihalar, shuningdek, zamonaviy texnologiyalarni jalb etish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida maʼlumot berdi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar ikki hudud tadbirkorlari va sohaviy tashkilotlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish, o‘zaro tashriflarni tashkil etish hamda istiqbolli tashabbuslardan aniq loyihalarni amalga oshirishga o‘tish zarurligini taʼkidladi.
Tomonlar «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish va amaliy hamkorlikni izchil rivojlantirishga kelishib oldi.