O‘zbekiston va Vengriya farmatsevtikada hamkorlikni kengaytiradi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Vengriya farmatsevtika sohasida hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi. Tomonlar investitsiyalarni jalb qilish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini ko‘rib chiqdi. Bu haqda Tibbiyot va farmatsevtika sohasini rivojlantirish agentligi xabar berdi.
8 sentyabr kuni Vengriyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Yojef Roja Tibbiyot va farmatsevtika sohasini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida vengriyalik diplomat Agentlik, Farmatsevtika texnik universiteti hamda BioPharma City farmatsevtika klasteri faoliyati bilan tanishdi. Soha vakillari, shuningdek, klasterda amalga oshirilayotgan loyihalar va uni rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli rejalar haqida maʼlumot berdi.
Alohida uchrashuvda elchi Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari bilan muloqot qildi. Suhbat davomida maktab o‘quvchilari ilm-fanga bo‘lgan qiziqishlari va kelajakdagi rejalari haqida so‘zlab berdi.
Muzokaralarning asosiy qismi O‘zbekiston-Vengriya farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi. Tomonlar investitsiyalarni jalb qilish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasida farmatsevtika sohasida amaliy hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar belgilandi.
Keltirilgan maʼlumotlarga ko‘ra, 2025 yil yakuni bo‘yicha Vengriyaning dori vositalari va farmatsevtika mahsulotlari eksporti qariyb 9,9 milliard yevronni tashkil etgan.