O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
Iqtisod

O‘zbekistonda ijaraga olingan yerni subijaraga berishga ruxsat beriladi

Dilafro'z Niyazova · 31.08.2026 · 14:00 · 27 views
O‘zbekistonda ijaraga olingan yerni subijaraga berishga ruxsat beriladi
O‘zbekistonda ijaraga olingan yerni subijaraga berishga ruxsat beriladi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda tadbirkorlarga ijaraga olingan yer uchastkalarini boshqa tadbirkorlarga, jumladan, auksion orqali olingan yerlarni ham subijaraga berishga ruxsat etiladi. Mazkur chora O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 27 avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqoti davomida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-175-son farmonida nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, tadbirkorlik faoliyati uchun ko‘chmas mulkni ijaraga berishga oid munosabatlar uchun alohida «tijorat ijarasi» toifasi joriy etiladi. Bunday munosabatlar uchun namunaviy shartnoma ishlab chiqiladi.

Tijorat ijarasining huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish taklifini avvalroq “Korzinka” supermarketlar tarmog‘i asoschisi Zafar Hoshimov Prezident bilan uchrashuvda bildirgan edi.

Shuningdek, bir yil va undan ortiq muddatga tuzilgan ijara shartnomalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish talabi bekor qilinishi rejalashtirilmoqda. Uning o‘rniga shartnomalarni soliq organlarida avtomatik ravishda hisobga qo‘yish tizimi joriy etiladi.

O‘zgarishlar ijaraga olingan obyekt egasi almashgan holatlarga ham taalluqli bo‘ladi. Ko‘chmas mulk sotilganda, yangi mulkdor amaldagi ijara shartnomasi bo‘yicha huquq va majburiyatlarni avtomatik ravishda qabul qiladi.

Shu bilan birga, ijarachi tomonidan obyektga kiritilgan investitsiyalarni himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish rejalashtirilmoqda.

Farmonga ko‘ra, tegishli qonun loyihasi ikki oy ichida ishlab chiqilishi kerak.