O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
Iqtisod

O‘zbekiston Kaliforniyada uzumchilik tajribasini o‘rgandi

Dilafro'z Niyazova · 29.08.2026 · 12:40 · 33 views
O‘zbekiston Kaliforniyada uzumchilik tajribasini o‘rgandi
O‘zbekiston Kaliforniyada uzumchilik tajribasini o‘rgandi / Foto: Qishloq xoʻjaligi vazirligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi delegatsiyasi AQSHning Kaliforniya shtatiga tashrif buyurib, zamonaviy uzumchilik texnologiyalari va Grapa Global kompaniyasi tajribasini o‘rgandi. Tashrif yakunlari bo‘yicha istiqbolli urug‘siz uzum navlarini O‘zbekistonda sinash, yangi uzumzorlar barpo etish va tajriba almashish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Bu haqda O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston vakillari zamonaviy seleksiya usullari, uzum yetishtirish texnologiyalari va istiqbolli urug‘siz navlar bilan tanishdi. Tomonlar ularni O‘zbekiston sharoitida sinab ko‘rish, jumladan, hosildorlik, mahalliy sharoitga moslashuv va eksport salohiyati masalalarini ko‘rib chiqdi.

Delegatsiya ko‘chat materiallari yetishtiriladigan ko‘chatxonaga, shuningdek, hosilni saralash, qadoqlash, sovutish va saqlash uchun jihozlangan kompleksga tashrif buyurdi.

Uchrashuvlarda uzumchilikni to‘liq ishlab chiqarish va sotuv zanjiri asosida rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Bunday yondashuv ko‘chat yetishtirish va uzum parvarishlashdan tortib, tayyor mahsulotni bozorga yetkazib berishgacha bo‘lgan sohani izchil rivojlantirishni nazarda tutadi.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar O‘zbekistonda istiqbolli urug‘siz uzum navlarini sinab ko‘rishga kelishib oldi. Bundan tashqari, yangi uzumzorlar barpo etish va mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashishni tashkil etish bo‘yicha ham kelishuvlarga erishildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibidan Qishloq xo‘jaligi vazirligi vakillari, Agrostar Holding kompaniyasi, shuningdek, fermerlar va tadbirkorlar o‘rin oldi.