Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 12–16 oktyabr kunlari AQSHning Florida shtatidagi Uest-Palm-Bich shahrida Farg‘ona viloyatining anʼanaviy hunarmandchiligiga bag‘ishlangan «Ipak yo‘lining durdonasi: O‘zbekistonning jonli merosi» nomli madaniy ko‘rgazma bo‘lib o‘tadi.
Tadbir Farg‘ona viloyati hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilmoqda.
Ekspozitsiya tashrif buyuruvchilarni Rishton kulolchilik sanʼati, Marg‘ilonda atlas va adras matolarini ishlab chiqarish anʼanalari, shuningdek, Qo‘qon yog‘och o‘ymakorligi bilan tanishtiradi.
Tayyor mahsulotlardan tashqari, ustalar xalq amaliy sanʼati buyumlarini yaratish jarayonini namoyish etadilar va mahorat darslarini o‘tkazadilar.
Ko‘rgazma Farg‘ona viloyatining madaniy merosini xorijda ommalashtirish, milliy hunarmandchilikka bo‘lgan qiziqishni oshirish hamda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan.