Iqtisod

Biznes-ombudsman soliq imtiyozi bo‘yicha rad javobini qayta ko‘rib chiqishga erishdi

Biznes-ombudsman soliq imtiyozi bo‘yicha rad javobini qayta ko‘rib chiqishga erishdi
Biznes-ombudsman soliq imtiyozi bo‘yicha rad javobini qayta ko‘rib chiqishga erishdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent tumanlararo maʼmuriy sudi Toshkent viloyatidagi “Chorvoq” erkin turistik zonasida mehmonxona majmuasini qurishda yer solig‘i bo‘yicha imtiyozdan foydalanish rad etilgan tadbirkor manfaatlarini ko‘zlab, Biznes-ombudsmanning arizasini qanoatlantirdi. Qaror 2026 yil 6 oktyabrda qabul qilindi.

Korxona 2021 yilda erkin turistik zona ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan va loyihaga 168 milliard so‘mdan ortiq, yaʼni qariyb 13 million dollar investitsiya kiritgan. Bu summa kelishuvda belgilangan 10 million dollarlik investitsiya majburiyatidan yuqori bo‘lgan.

Kiritilgan mablag‘larga qaramay, mehmonxona majmuasi qurilishi hali yakunlanmagani sababli tadbirkorga soliq imtiyozini qo‘llash rad etilgan. Ayni paytda obyektdagi qurilish ishlarini 2028 yil 30 yanvarda tugallash rejalashtirilgan.

Biznes-ombudsman sudga murojaat qilib, qurilishning tugallanmagani maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari uchun nazarda tutilgan soliq imtiyozlarini avtomatik ravishda rad etish uchun o‘z-o‘zidan asos bo‘la olmasligini taʼkidladi.

O‘z pozitsiyasini asoslash uchun Soliq kodeksining 473 va 474-moddalari keltirildi. Ushbu moddalar maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari uchun soliq imtiyozlarini belgilaydi. Biznes-ombudsman pozitsiyasiga ko‘ra, mazkur normalarda qurilishning tugallanmagani soliq imtiyozlarini qo‘llashni rad etish uchun mustaqil asos sifatida nazarda tutilmagan.

Sud soliq imtiyozini berishni rad etish to‘g‘risidagi qarorni qonunga xilof deb topdi va Soliq qo‘mitasi zimmasiga tadbirkorning murojaatini qayta ko‘rib chiqish majburiyatini yukladi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.