Iqtisod

Uzbekistan Airways ichki aviareyslar narxini pasaytiradi

Uzbekistan Airways ichki aviareyslar narxini pasaytiradi
Uzbekistan Airways ichki aviareyslar narxini pasaytiradi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 16 oktyabrdan boshlab Uzbekistan Airways O‘zbekiston ichidagi yo‘nalishlar bo‘yicha aviachiptalar tariflarini o‘rtacha 20 foizga arzonlashtiradi.

Aviakompaniya matbuot xizmati maʼlum qilishicha, narxlar raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bilan hamkorlikda qayta ko‘rib chiqildi.

Kompaniyada taʼkidlanishicha, ushbu qaror O‘zbekiston hududlari o‘rtasida xizmat safarlari, dam olish va qarindoshlarni ziyorat qilish maqsadida amalga oshiriladigan aviaqatnovlarni aholi uchun yana-da qulay qilishga qaratilgan.

Tariflar o‘zgarganidan so‘ng Toshkentdan Andijon, Namangan, Samarqand va Farg‘onaga bir tomonlama aviachiptalar narxi 201 062 so‘mdan boshlanadi. Buxoroga parvozlar 241 274 so‘mdan, Termizga 361 911 so‘mdan, Nukus va Urganchga esa 442 336 so‘mdan taklif etiladi.

Raqobat qo‘mitasi maʼlum qilishicha, Prezident topshirig‘iga muvofiq, aviata­shuvlar sohasida transport xarajatlarini maqbullashtirish imkoniyatlari tahlil qilingan.

Ushbu ishlar natijasida ichki yo‘nalishlar bo‘yicha aviachiptalar narxini tegishli xarajatlarni qisqartirish hisobiga pasaytirish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.