Iqtisod

O‘zbekiston Yevropa biznesi bilan aloqalarni kengaytirmoqda

O‘zbekiston Yevropa biznesi bilan aloqalarni kengaytirmoqda
O‘zbekiston Yevropa biznesi bilan aloqalarni kengaytirmoqda / Foto: O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahabov Ispaniyaning Valensiya shahrida 28–29 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tgan Eurochambres Congress 2026 xalqaro kongressida ishtirok etdi.

Tadbirda 38 mamlakatdan 91 ta savdo palatasi va tashkilotning qariyb 200 nafar vakili ishtirok etdi. Ishtirokchilar yagona bozor raqobatbardoshligi, iqtisodiy barqarorlik, innovatsiyalar, raqamlashtirish, energetika va biznes muhitini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Eurochambres o‘z tarmog‘i orqali 20 milliondan ortiq kompaniya va 1 700 ta hududiy hamda mahalliy savdo palatasini birlashtiradi. Ushbu tarmoqda vakillik qilingan kompaniyalarning 93 foizdan ortig‘i kichik va o‘rta biznes subyektlariga to‘g‘ri keladi.

Kongress doirasida Davron Vahabov Yevropa mamlakatlari savdo-sanoat palatalari vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.

Tomonlar savdo-investitsiya aloqalarini kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, eksport imkoniyatlarini oshirish va logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Dasturning alohida qismi Valensiyadagi Marina de Empresas innovatsion xabiga tashrifdan iborat bo‘ldi. Unda savdo-sanoat palatalari rahbarlari va xorijiy delegatsiyalar vakillari, jumladan, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi ishtirok etdi.

Marina de Empresas tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning bir nechta yo‘nalishlarini birlashtiradi. Ular orasida tadbirkorlarni tayyorlash, startaplarni rivojlantirish, ularni akseleratsiyadan o‘tkazish va investitsiya jalb qilish yo‘nalishlari bor. Ekotizim tarkibiga EDEM biznes maktabi, Lanzadera biznes-inkubatori va akseleratori, shuningdek, Angels investitsiya jamg‘armasi kiradi.

Ishtirokchilar yosh tadbirkorlarni tayyorlash, innovatsion loyihalarni tanlash va rivojlantirish, ularni akseleratsiya qilish hamda moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari bilan tanishdi.

Lanzadera akseleratori faoliyati davomida 1 100 dan ortiq kompaniyani qo‘llab-quvvatladi va ularning loyihalariga 200 million yevrodan ortiq investitsiya jalb qilindi.

Marina de Empresas startaplari sanoat, logistika, chakana savdo va agrosanoat majmuasidagi amaliy biznes vazifalari uchun texnologik yechimlar ishlab chiqmoqda.

Tashrif davomida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi vakillari Marina de Empresas rahbariyati bilan uchrashdi. Tomonlar Valensiya ekotizimi tajribasini O‘zbekistonda qo‘llash imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.

Xususan, yoshlar startaplarini akseleratsiya qilish, IT va kreativ industriyalarni rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekiston texnoparklari va klasterlari rezidentlarini xalqaro akseleratsiya dasturlariga integratsiya qilish masalalari muhokama qilindi.

Eurochambres Congress 2026 da ishtirok etish va Marina de Empresas ga tashrif buyurish O‘zbekiston tomoniga Yevropa savdo-sanoat palatalari hamda Valensiya tadbirkorlik ekotizimi vakillari bilan hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini muhokama qilish imkonini berdi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.