Iqtisod

Raqobat qo'mitasi Centrum Air aviakompaniyasining Toshkentga parvozining kechikishini tekshirmoqda

Raqobat qo'mitasi Centrum Air aviakompaniyasining Toshkentga parvozining kechikishini tekshirmoqda
Raqobat qo'mitasi Centrum Air aviakompaniyasining Toshkentga parvozining kechikishini tekshirmoqda   / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Centrum Air aviakompaniyasining C6302 raqamli Stambul — Toshkent yo‘nalishidagi reysi kechikishini nazoratga oldi va tekshiruv o‘tkazmoqda. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.

Tekshiruv ijtimoiy tarmoqlarda reys uch soatdan ko‘proq vaqtga kechikkani va yo‘lovchilarning noroziligi haqida xabarlar tarqalganidan so‘ng Qo‘mitaga kelib tushgan murojaat asosida boshlangan.

Holatni o‘rganish doirasida Qo‘mita reys kechikkan vaqtda yo‘lovchilarga zarur maʼlumotlar va tegishli xizmatlar taqdim etilgan-etilmaganini, shuningdek, ularning isteʼmolchi sifatidagi huquqlariga rioya qilingan-qilinmaganini tekshirmoqda.

Tekshiruv natijalariga ko‘ra qonunchilik buzilishi aniqlangan taqdirda, Qo‘mita o‘z vakolatlari doirasida tegishli taʼsir choralarini ko‘radi. Tekshiruv natijalari haqida qo‘shimcha maʼlumot beriladi.

Fuqarolar havo tashuvi xizmatlarini ko‘rsatishda isteʼmolchilar huquqlari buzilishi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan Qo‘mitaning 1159 yagona ishonch telefoniga murojaat qilishlari mumkin.

Idora maʼlumotlariga ko‘ra, bugungi kunga qadar Centrum Air va boshqa aviakompaniyalar xizmatlaridan norozilik bilan bog‘liq 270 dan ortiq murojaat kelib tushgan.

Shu munosabat bilan Qo‘mita amaldagi qoidalarni takomillashtirish bo‘yicha choralar ko‘rish haqida Transport vazirligiga bir necha bor ko‘rsatmalar yuborgan.

Xususan, aviakompaniya o‘z aybi bilan reysni belgilangan jadvalga nisbatan kechiktirgan va yoki yo‘lovchini manziliga kechikib yetkazgan holatlarda unga pul kompensatsiyasi to‘lash miqdori va tartibini belgilash taklif etilmoqda.

Ayni vaqtda isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.