Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 18 sentyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Suriya Arab Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vaziri Muhammad Nidal ash-Shaʼar bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.
Uchrashuvning asosiy natijasi Qo‘shma iqtisodiy va savdo qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risidagi memorandumning imzolanishi bo‘ldi. Erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida 2026–2028 yillarga mo‘ljallangan «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish rejalashtirildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston–Suriya ishbilarmonlik kengashini rasman ishga tushirish tashabbusi ilgari surildi. Yangi tashabbuslarni amaliy muhokama qilish ikki mamlakat tadbirkorlari ishtirokidagi biznes-forum doirasida davom ettiriladi.