Janubiy Koreyada 19 nafar O‘zbekiston fuqarosi qidirilmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 12 avgust holatiga ko‘ra, Janubiy Koreyada mamlakat tashqarisida sodir etilgan jinoyatlar uchun qidirilayotgan 19 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan.
Jami Janubiy Koreya huquqni muhofaza qiluvchi organlari 110 nafar xorijlik fuqaroni qidirgan. Bu haqda Yonhap Janubiy Koreya Milliy politsiya agentligi maʼlumotlariga tayanib xabar berdi.
O‘zbekiston fuqarolari Janubiy Koreyada xalqaro qidiruvga berilgan xorijliklar soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egallagan.
Ular orasida eng ko‘pi Xitoy fuqarolari bo‘lib, ular 40 nafarni yoki umumiy soning 36 foizini tashkil etgan. Uchinchi o‘rinda 17 nafar bilan Mongoliya fuqarolari qayd etilgan.
Xorijliklar qidirilayotgan jinoyatlar orasida eng ko‘p uchragani firibgarlik bo‘lib, 47 ta holatni tashkil etgan.
Yana 29 ta holat boshqa jinoyatlar, jumladan, odam o‘g‘irlash, noqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish va jinsiy ekspluatatsiya maqsadida odam savdosi bilan bog‘liq bo‘lgan.
Bundan tashqari, yetti nafar shaxs giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha, besh nafari o‘g‘irlik, yana besh nafari yo‘l harakati qoidalarini buzgani va besh nafari hujum qilgani uchun qidirilgan.
Janubiy Koreya joriy yilda xorijlik jinoyatchilarni qidirish ishlarini kuchaytirdi. Milliy politsiya agentligi bunday ishlar bilan shug‘ullanadigan xodimlar sonini 22 nafardan 64 nafarga oshirdi.
Agentlik maʼlumotlariga ko‘ra, bo‘linmaning kengaytirilishi qidiruvda bo‘lgan xorijliklarni qaytarish holatlari ko‘payishi bilan birga kechgan.
2026 yil yanvar-avgust oylarida 24 nafar shaxs qaytarilgan. 2025 yil davomida esa bu ko‘rsatkich 13 nafarni tashkil etgan. Shu tariqa, ko‘rsatkich deyarli ikki barobarga oshgan.