Saida Mirziyoyeva Chjao Leszi bilan uchrashdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Siyosiy byurosi Doimiy qo‘mitasi aʼzosi, Butunxitoy xalq vakillari yig‘ini Doimiy qo‘mitasi raisi Chjao Leszi bilan uchrashdi. Bu haqda Saida Mirziyoyeva uchrashuv yakunlari bo‘yicha maʼlum qildi.
Tomonlar O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Saida Mirziyoyevaning taʼkidlashicha, so‘nggi yillarda ikki mamlakat yetakchilari o‘rtasidagi yaqin muloqot tufayli munosabatlar izchil mustahkamlanib bormoqda.
Uchrashuvda parlamentlararo hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi. Saida Mirziyoyeva O‘zbekiston va Xitoy parlamentlari o‘rtasidagi muloqot ham yangi bosqichga ko‘tarilayotganini qayd etdi.
Tomonlar, shuningdek, transport, savdo, taʼlim va madaniyat sohalaridagi aniq qo‘shma loyihalar ustidagi hamkorlikni muhokama qildi. Saida Mirziyoyeva Xitoyning qo‘llab-quvvatlashi va ikki mamlakatning erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirishga tayyorligi muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida qo‘shma rejalar soni ko‘p. Ayni paytda ularni izchil amalga oshirish asosiy vazifa bo‘lib qolmoqda.