Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistondagi maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qatnayotgan bolalar soni 2,53 million nafarga yetdi.
Milliy statistika qo‘mitasi maʼlumotlariga ko‘ra, 2024 yil oxiridagi ko‘rsatkich bilan taqqoslaganda, bir yil davomida bog‘chalarda tarbiyalanayotgan bolalar soni 183,3 ming nafarga yoki 7,8 foizga oshgan.
Tarbiyalanuvchilar soni bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Farg‘ona viloyatida qayd etilgan. Hududdagi maktabgacha taʼlim muassasalarida 308,5 ming nafar bola taʼlim-tarbiya olmoqda. Ikkinchi o‘rinni 288,9 ming nafar tarbiyalanuvchi bilan Samarqand viloyati, uchinchi o‘rinni esa 263,8 ming nafar bola bilan Andijon viloyati egallagan.
Namangan viloyatidagi bog‘chalarga 225,4 ming nafar, Qashqadaryo viloyatida 218,6 ming nafar, Surxondaryo viloyatida esa 195,9 ming nafar bola qatnaydi. Toshkent viloyatida tarbiyalanuvchilar soni 183 ming nafarni, poytaxtda esa 180,4 ming nafarni tashkil etadi.
Buxoro viloyatida 139,7 ming nafar, Xorazm viloyatida 136,4 ming nafar bola maktabgacha taʼlim bilan qamrab olingan. Qoraqalpog‘iston Respublikasida ushbu ko‘rsatkich 129,8 ming nafarni, Jizzax viloyatida esa 114,6 ming nafarni tashkil etgan.
Tarbiyalanuvchilar soni eng kam hudud Navoiy viloyati bo‘lib, bu yerda 79,3 ming nafar bola qayd etilgan. Sirdaryo viloyatida esa maktabgacha taʼlim muassasalarida 68,9 ming nafar bola tarbiyalanmoqda.
Shunday qilib, maktabgacha taʼlim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan bolalar soni bo‘yicha Farg‘ona viloyati yetakchilik qilmoqda. Eng past ko‘rsatkich esa Sirdaryo viloyatida qayd etilgan.