Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — AQSH prezidenti Donald Tramp O‘zbekistonga tashrif buyurish niyatida. Bu haqda AQSH prezidentining global hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili Paolo Zampolli «O‘zbekiston 24» telekanalining “Tahlilnoma” dasturiga bergan intervyusida maʼlum qildi.
Zampollining so‘zlariga ko‘ra, Tramp shaxsan unga O‘zbekistonga tashrif buyurish istagi borligini aytgan.
«Uning O‘zbekistonga kelishni xohlayotganini bilaman. Prezidentning ish jadvali juda zich. Ammo u menga O‘zbekistonga tashrif buyurish niyati haqida aytgan», — dedi maxsus vakil.
Zampolli ehtimoliy tashrifni tashkil etish ustida ishlayotganini maʼlum qildi va u yaqin vaqt ichida amalga oshishiga umid bildirdi. Shu bilan birga, tashrifning aniq muddatlari hozircha aytilmagan.
Avvalroq, 7 avgust kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Donald Tramp bilan telefon orqali muloqot o‘tkazgan edi. Suhbat davomida O‘zbekiston rahbari AQSH prezidentini O‘zbekistonga tashrif buyurishga taklif qilgan.