Shoshilinch
7
O‘zbekiston

O‘zbekistonning OHICHK doirasidagi ishonchni mustahkamlashdagi o‘rni

O‘zbekistonning OHICHK doirasidagi ishonchni mustahkamlashdagi o‘rni
O‘zbekistonning OHICHK doirasidagi ishonchni mustahkamlashdagi o‘rni / Foto: SMTI.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 15-oktabr kuni Boku shahrida Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning (OHIChK) VII sammiti bo‘lib o‘tadi. Ushbu uchrashuv davlatlarning muloqotni davom ettirish va o‘zaro mushtarak jihatlarni topish qobiliyati alohida ahamiyat kasb etayotgan bir davrda o‘tkaziladi. Xalqaro vaziyat murakkablashib borayotgan sharoitda OHIChKga e’tibor, avvalo, uning siyosiy pozitsiyalari va milliy manfaatlari turlicha bo‘lgan mamlakatlarni birlashtiruvchi ko‘p tomonlama muloqot maydoni sifatidagi o‘rni bilan bog‘liq.

Mazkur formatning asosiy ustunligi uning inklyuziv xususiyatga egaligidir. OHIChK harbiy-siyosiy blok hisoblanmaydi va ishtirokchi davlatlarning tashqi siyosat yuritishdagi suveren huquqlarini cheklamaydi. Kengash faoliyati konsensus, ixtiyoriylik, tenglik va o‘zaro hurmat tamoyillariga asoslanadi. Bu esa manfaatlari turlicha bo‘lgan davlatlarga muntazam muloqotni davom ettirish imkonini beradi.

Ushbu tamoyillar O‘zbekiston OHIChK doirasida izchil amal qilib kelayotgan yondashuvning asosini tashkil etadi. Toshkent mazkur tuzilmaning Osiyo davlatlari o‘rtasida ishonch choralarini amalga oshirish va amaliy hamkorlikni kengaytirish vositasi sifatidagi rolini mustahkamlash tarafdoridir.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning OHIChK faoliyatiga doir tizimli yondashuvi o‘zaro bog‘liq bir necha yo‘nalishni qamrab oladi. Ularning umumiy mazmuni davlatlar o‘rtasidagi ishonchni saqlash, uni amaliy mazmun bilan boyitish hamda ko‘p tomonlama mexanizmlarning umumiy tahdidlarga javob berish salohiyatini mustahkamlashdan iborat. Davlatimiz rahbarining 2019-yilda Dushanbeda va 2022-yilda Ostonada bo‘lib o‘tgan sammitlardagi nutqlarida ushbu yondashuv uch asosiy yo‘nalishda rivojlantirildi.

Birinchisi — xavfsizlikni ta’minlashga kompleks yondashuv.

O‘zbekiston zamonaviy tahdidlarni faqat siyosiy va kuch ishlatish vositalari orqali bartaraf etib bo‘lmasligidan kelib chiqadi.

Davlatlar barqarorligi inson kapitalining sifati, yoshlarning o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish imkoniyatlari, ta’lim va madaniyatning rivojlanish darajasi, shuningdek, radikallashuvga qarshi turish qobiliyatiga ham bog‘liq.

Shu munosabat bilan Prezident nutqlarida gumanitar hamkorlik masalalari muhim o‘rin tutadi. O‘zbekistonning OHIChK doirasida yoshlarga oid kun tartibini ilgari surishga qo‘shgan salmoqli hissasi ushbu yondashuvning amaliy ifodasi bo‘ldi. Jumladan, mamlakatimiz Kengashning Yoshlar kengashiga hamraislik qildi.

Bundan tashqari, Toshkent gumanitar yo‘nalishda ishonch choralarini amalga oshirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchilik vazifasini o‘z zimmasiga oldi. Bu mamlakatimizning siyosiy tashabbuslarni amaldagi hamkorlik mexanizmlari orqali ro‘yobga chiqarishga intilishini yaqqol namoyon etadi.

Ikkinchisi — ko‘p tomonlama hamkorlikning amaliy natijalarga yo‘naltirilganligi.

Ishonchning umumiy tamoyillarini birgalikdagi faoliyatning aniq yo‘nalishlariga tatbiq etish O‘zbekiston yondashuvining o‘ziga xos jihatiga aylandi. 2019-yilda ushbu yondashuv savdoni kengaytirish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, transport aloqalarini rivojlantirish hamda ekologik muammolarni, jumladan, Orol fojiasi oqibatlarini birgalikda bartaraf etishga qaratilgan takliflarda yaqqol namoyon bo‘ldi.

2022-yilda kun tartibining amaliy mazmuni yanada boyidi: oziq-ovqat xavfsizligi, raqamlashtirish, innovatsiyalar, barqaror ishlab chiqarish va logistika zanjirlarini shakllantirish masalalari ilgari surildi. Ushbu tashabbuslarni davlatlarning iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotdan o‘zaro manfaatdorligi ishonchni mustahkamlash uchun moddiy asos yaratadi, degan qarash birlashtiradi.

Uchinchisi — mintaqaviy muammolarni birgalikda hal etish.

Mazkur yo‘nalish Toshkentning bir davlat sa’y-harakati bilan samarali hal etib bo‘lmaydigan muammolarni bartaraf etishda ko‘p tomonlama mexanizmlarning amaliy rolini oshirishga intilishini aks ettiradi.

Afg‘oniston masalasi bunga yaqqol misoldir. Prezident yuqori darajada xalqaro muzokaralar olib boradigan guruhni shakllantirish tashabbusi yuzasidan Osiyo mamlakatlarining BMT Bosh Assambleyasiga birgalikda murojaat qilishi imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif etdi.

Ekologiya sohasida O‘zbekiston “Yashil Osiyo” konseptual dasturi doirasida mamlakatlarni jadal ko‘kalamzorlashtirish va ekotizimlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan doimiy ekspert maslahatlashuvlarini yo‘lga qo‘yish tashabbusini ilgari surdi.

Ushbu takliflar yetakchi davlatlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar kuchayib borayotganiga qaramay, mintaqaning dolzarb muammolarini xalqaro hamjamiyat diqqat markazida saqlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Bu yondashuvlar O‘zbekistonning OHIChK doirasidagi siyosatining asosiy mazmunini ochib beradi. U davlatlar o‘rtasidagi ishonchni saqlash, uni amaliy hamkorlik orqali mustahkamlash hamda Osiyodagi aniq muammolarni birgalikda hal etishda ko‘p tomonlama mexanizmlardan foydalanishni nazarda tutadi.

Bokuda bo‘lib o‘tadigan OHIChKning VII sammiti ushbu kun tartibini rivojlantirishning navbatdagi bosqichi bo‘ladi. Kengash oldida to‘plangan salohiyatni saqlab qolish va ayni paytda sheriklikning amaliy samaradorligini oshirish kabi muhim vazifa turibdi. Bunda transport va iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik, raqamlashtirish, barqaror rivojlanish, oziq-ovqat va ekologik xavfsizlik masalalari alohida ahamiyat kasb etadi.

Bunday sharoitda OHIChK faoliyatining samaradorligi ko‘p jihatdan o‘zaro bog‘liq uch yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarga bog‘liq bo‘ladi.

Avvalo, siyosiy ishonchni mustahkamlash zarur. Geosiyosiy raqobat kuchayib borayotgan bir paytda OHIChKni manfaatlari va pozitsiyalari turlicha bo‘lgan davlatlar o‘rtasidagi muloqot uchun ochiq maydon sifatida saqlab qolish muhimdir.

Shu bilan birga, iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish ham muhim ahamiyatga ega. Transport, savdo, energetika, investitsiyalar va raqamli infratuzilma davlatlar o‘rtasida mustahkam aloqalarni shakllantirish, barqaror munosabatlarni saqlashdan manfaatdorlikni oshirishga xizmat qiladi.

Nihoyat, gumanitar hamkorlikni izchil mustahkamlash lozim. Ta’lim, yoshlar almashinuvi, madaniyat, ilmiy hamkorlik va ekspertlar o‘rtasidagi muloqot ishonchning bosqichma-bosqich shakllanadigan hamda siyosiy vaziyat o‘zgarishidan qat’i nazar, o‘z ahamiyatini saqlab qoladigan asosini yaratadi.

O‘zbekiston har uch yo‘nalish bo‘yicha o‘z amaliy tajribasi va aniq tashabbuslariga ega. Mamlakatimiz OHIChK doirasida xavfsizlik masalalarini iqtisodiy rivojlanish va gumanitar muloqot bilan uzviy bog‘laydigan yondashuvni izchil ilgari surmoqda.

Noaniqlik kuchayib borayotgan sharoitda Osiyo oldida yangi bo‘linish chiziqlarini yaratish emas, balki manfaatlar o‘rtasida tafovutlar mavjud bo‘lgan taqdirda ham mushtarak jihatlarni topish imkonini beruvchi mexanizmlarni izlash vazifasi turibdi. OHIChK siyosiy muloqot uchun imkoniyatlarni saqlash va amaliy hamkorlik uchun sharoit yaratish orqali ushbu vazifani bajarishga qodir.

Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekistonning hissasi ishonchni mustahkamlash hamda mintaqaning xavfsiz va farovon kelajagini barpo etishga qaratilgan tashabbuslarni izchil amalga oshirishda namoyon bo‘ladi.

Bekzod Normatov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimi