Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent aholisiga tibbiy xizmatlarni bepul ko‘rsatish to‘xtatilgani haqidagi xabarlarni rad etdi.
Markazda tushuntirilishicha, tibbiy yordam uchun haq to‘lash tartibi emas, balki bemorlarni yo‘llash mexanizmi o‘zgargan.
Avval poytaxt aholisi markazning shahar filialiga qog‘oz shaklidagi yo‘llanma bilan murojaat qilgan. Endi ular, O‘zbekistonning boshqa hududlaridan kelgan bemorlar kabi, DMED tizimi orqali rasmiylashtirilgan elektron yo‘llanma asosida onkologiya muassasasiga yuboriladi.
Yangi tartibga ko‘ra, bemor dastlab oilaviy poliklinikaga murojaat qiladi va u yerda zarur tekshiruvlar, jumladan, qon tahlili, rentgen va UZIdan bepul o‘tadi. Shundan so‘ng tuman yoki shahar onkologi ko‘rik o‘tkazib, aniqlashtiruvchi tekshiruvlarni tayinlaydi.
Zarur hollarda DMED tizimi orqali Respublika onkologiya markaziga elektron yo‘llanma shakllantiriladi. Yo‘llanma tasdiqlanganidan so‘ng bemor maslahat va zarur diagnostika hamda davolash turlarini bepul oladi.
Xizmatlar ro‘yxatiga kontrast modda bilan KT va MRT, PET-KT, gistologik va immunogistokimyoviy tekshiruvlar, shuningdek, kimyoterapiya, nur bilan davolash va jarrohlik amaliyotlari kiradi.
Markazda tushuntirilishicha, tartibning o‘zgarishi muassasaga tushayotgan yuklama bilan bog‘liq. Avvalgi tizimda ko‘plab bemorlar DMED orqali faqat №027 shakli bilan yo‘llanib, oilaviy va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda zarur tekshiruvlardan o‘tmagan.
Natijada dastlabki diagnostika bevosita markazda Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgan.
Muassasa maʼlumotlariga ko‘ra, bu yuqori texnologiyali tibbiy yordam ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan mablag‘larning dastlabki tekshiruvlarga yo‘naltirilishiga olib kelgan. Bundan tashqari, bemorga hududiy yoki respublika darajasida davolanish zarurligini aniqlash qiyinroq bo‘lgan.
Markazning taʼkidlashicha, elektron yo‘llanmalarga o‘tish ushbu muammolarni bartaraf etishi kerak. Yangi mexanizm tekshiruvlarni takroran o‘tkazishning oldini olish, mablag‘larni bevosita yuqori texnologiyali tibbiy yordamga yo‘naltirish va bemorning elektron tizimdagi harakatlanish yo‘nalishini kuzatish imkonini beradi.
Shu bilan birga, tegishli yo‘llanma asosida qabul qilingan bemordan diagnostika, davolash, dori vositalari va sarf materiallari uchun haq talab qilish yoki ularni o‘z mablag‘lari hisobidan sotib olishni talab qilish taqiqlanadi.
Xizmatlar faqat yo‘llanmasiz rejali murojaat qilingan holatdagina pullik bo‘lib qoladi. Shoshilinch tibbiy yordam yo‘llanmasiz va bepul ko‘rsatiladi.
Yo‘llanma asosida murojaat qilganda pul talab qilinsa yoki dori vositalarini o‘z mablag‘i hisobidan sotib olish so‘ralsa, fuqarolarga 1303 qisqa raqami — onkologiya markazining «Ishonch telefoni»ga murojaat qilish tavsiya etilmoqda.