Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda bolalarning jinsiy daxlsizligiga qarshi jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirish hamda zo‘ravonlikdan jabrlangan voyaga yetmaganlarni himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha choralar taklif etildi. Tegishli qoidalar qonun loyihasida nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, 14 yoshga to‘lmagan shaxsni zo‘rlash yoki uning jinsiy ehtiyojini zo‘ravonlik yo‘li bilan g‘ayritabiiy shaklda qondirish uchun uzoq muddatga yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini belgilash taklif etilmoqda.
Qonun loyihasiga muvofiq, bolalarning jinsiy daxlsizligiga qarshi jinoyatlarni sodir etgan shaxslar javobgarlikka tortish muddati o‘tib ketgani munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod qilinmaydi. Shuningdek, sudning ayblov hukmini ijro etish muddati o‘tib ketgani sababli jazodan ozod qilishni istisno etish taklif qilinmoqda.
Hujjatning ayrim qoidalari zo‘ravonlikdan jabrlangan voyaga yetmaganlar bilan protsessual harakatlarni o‘tkazish tartibini o‘zgartirishga qaratilgan. Xususan, ularning so‘roqlarini videoyazuv orqali qayd etish taklif etilmoqda.
Jinsiy daxlsizlikka qarshi jinoyatlar bo‘yicha jabrlanuvchi deb topilgan bola bilan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘rtasidagi yuzlashtiruvlarni maxsus tartibda o‘tkazish taklif etilmoqda.
Agar zo‘ravonlik bolaning yaqin qarindoshlari yoki yaqin shaxslari tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, qonun loyihasida jinoyat ishi bo‘yicha sudga qadar ish yuritish bosqichlarida, shuningdek, sud muhokamasi vaqtida vasiylik va homiylik organi vakilining majburiy ishtirokini taʼminlash nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, hujjat bilan zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki unga guvoh bo‘lgan bolalarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish mexanizmini joriy etish taklif qilinmoqda.