Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Rossiyada Migratsiya agentligi vakolatxonasi «Insiti Logistika» MCHJda ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolarining hujjatlari olib qo‘yilgani va ish haqi to‘lanishi kechiktirilayotgani haqidagi murojaatidan so‘ng ularga yordam ko‘rsatdi.
Murojaat 28 sentyabr kuni kelib tushgan. Shundan so‘ng vakolatxona xodimlari voqea joyiga borib, ish beruvchi bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda Migratsiya agentligi vakolatxonasi xabar berdi.
Muzokaralar yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolarining hujjatlari qaytarildi. Ish beruvchi, shuningdek, ish haqi bo‘yicha qarzdorlikni 48 soat ichida qoplash majburiyatini oldi.
Vakolatxona maʼlum qilishicha, vaziyat nazoratda qolmoqda.
O‘zbekiston fuqarolari ishga joylashish va o‘z huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha sutka davomida faoliyat yurituvchi koll-markazga +7 (495) 803-40-00 raqami orqali yoki ishonch telefoniga +7 (925) 045-47-44 raqami orqali murojaat qilishlari mumkin.