Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda amalda bo‘lgan ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyozlarni 2030 yilgacha bosqichma-bosqich bekor qilish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 25 sentyabr kuni Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fazilkarimov pensiya islohoti loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida maʼlum qildi.
Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, imtiyozlar ayrim tarmoqlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida turli hukumat qarorlari asosida joriy etilgan. O‘tkazilgan inventarizatsiya jarayonida amaldagi imtiyozlar orasida eng kech tugaydiganining amal qilish muddati 2030 yilda yakunlanishi aniqlangan. Shu munosabat bilan imtiyozlarni bekor qilishni ushbu sanagcha yakunlash ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, imtiyozlar belgilangan amal qilish muddatlari tugashi bilan bosqichma-bosqich bekor qilinadi. Agar muayyan imtiyoz 2027 yilgacha amal qilishi belgilangan bo‘lsa, u amaldagi qonunchilikka muvofiq shu yildan boshlab bekor qilinadi, deya aniqlik kiritdi Fazilkarimov.
Jami 65 mingdan ortiq korxona ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyozlardan foydalangan. Ko‘rsatilgan qo‘llab-quvvatlashning umumiy miqdori 3,2 trillion so‘mni tashkil etgan.
Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari ijtimoiy soliqning Pensiya jamg‘armasi daromadlarini shakllantirishdagi ahamiyatini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jamg‘arma taqchilligi 26 foizni tashkil etadi, uning daromadlari va xarajatlari o‘rtasidagi farq davlat byudjetidan ajratiladigan transfertlar hisobidan qoplanadi.
Iyul oyida Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Fiskal tahlil instituti amaldagi 1 foiz miqdoridagi ijtimoiy soliq imtiyozini qayta ko‘rib chiqishni taklif qilgan edi. Institut maʼlumotlariga ko‘ra, 2022–2024 yillarda o‘sha vaqtda faoliyatini davom ettirgan kompaniyalarning qariyb 30 foizi ushbu imtiyozdan foydalangan.
Qo‘llab-quvvatlash mablag‘larini korxonalar o‘rtasida taqsimlash bir tekis bo‘lmagan. Imtiyozlarning umumiy summasining 80 foizi eng yirik 10 foiz kompaniya hissasiga to‘g‘ri kelgan, qolgan 90 foiz korxona esa mablag‘larning 20 foizini olgan.
Imtiyoz biznesni yashirin iqtisodiyotdan chiqishga rag‘batlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish maqsadida joriy etilgan.
Shu bilan birga, Fiskal tahlil instituti bahosiga ko‘ra, qo‘llab-quvvatlashning asosiy oluvchilari faoliyatini allaqachon qonuniy ravishda amalga oshirib kelgan yirik ish beruvchilar bo‘lgan.