Shoshilinch
O‘zbekiston

O‘zbekistonda xodimlar huquqini himoya qilish uchun mehnat inspektorlarini tayyorlash kuchaytirilmoqda

O‘zbekistonda xodimlar huquqini himoya qilish uchun mehnat inspektorlarini tayyorlash kuchaytirilmoqda
O‘zbekistonda xodimlar huquqini himoya qilish uchun mehnat inspektorlarini tayyorlash kuchaytirilmoqda / Foto: BMT Taraqqiyot Dasturining Oʻzbekistondagi faoliyati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yilda O‘zbekistonda qariyb 5 million kishi norasmiy sektorda mehnat qilgan. Bunday ishchilar uchun bu pensiya, haq to‘lanadigan kasallik taʼtili, homiladorlik va tug‘ish nafaqalari hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa ijtimoiy himoya choralaridan foydalanish imkoniyatlarini cheklashi mumkin. Bu haqda O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) xabar berdi.

Shu sharoitda BMT Taraqqiyot dasturi O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan hamkorlikda davlat mehnat inspektorlarini tayyorlash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan dasturni ishga tushirdi. Tashabbus BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha Qo‘shma jamg‘armasining moliyaviy ko‘magi asosida amalga oshirilmoqda.

O‘quvlar mehnat inspeksiyasining kasbiy salohiyatini oshirish, xalqaro mehnat standartlarini joriy etish va mehnat huquqlarini himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan. Inspektorlar norasmiy bandlikni aniqlash, xavflarni baholashni hisobga olgan holda tekshiruvlar o‘tkazish, maʼlumotlar va raqamli vositalar bilan ishlash, tergovga oid intervyular o‘tkazish, nizolarni hal qilish va dalillarni hujjatlashtirish bo‘yicha ko‘nikmalarini takomillashtiradi.

BMTTDning O‘zbekistondagi Doimiy vakili Akiko Fudziyaning so‘zlariga ko‘ra, mehnat inspeksiyasi davlat siyosatini xodimlarni amaliy himoya qilishga aylantirishning bevosita vositalaridan biri hisoblanadi. Uning taʼkidlashicha, rasmiy bandlikka o‘tish odamlarning ijtimoiy himoyadan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi, samarali inspeksiya esa qoidalarga rioya qiladigan korxonalar uchun yana-da teng sharoitlar yaratilishiga xizmat qiladi.

Dastur O‘zbekistonda yangi Mehnat kodeksiga muvofiq mehnat inspeksiyasi tizimi vakolatlari kuchaytirilayotgani va Davlat mehnat inspeksiyasi vazifalari kengaytirilayotgani sharoitida o‘tkazilmoqda. O‘quvlar inspektorlarga yangi vazifalarni izchil va xalqaro mehnat standartlarini hisobga olgan holda bajarishga yordam berishi kutilmoqda.

Mamlakatning barcha hududlarini namoyanda qiluvchi davlat mehnat inspektorlaridan iborat ikki guruh Toshkentda 2026 yil 23–25 va 28–30 sentyabr kunlari tahsil olmoqda. Mashg‘ulotlarni BMTTDning mehnat inspeksiyasi masalalari bo‘yicha xalqaro eksperti Xavyer Barbero olib bormoqda.

BMTTD mehnat munosabatlari sohasidagi islohotlarni amalda taʼminlashga qaratilgan institutlarni mustahkamlash va Davlat mehnat inspeksiyasini professionallashtirish maqsadida Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan hamkorlikni davom ettiradi.

O‘quvlar BMTning «O‘zbekistonda rasmiy bandlikka adolatli o‘tishni taʼminlash uchun munosib ish o‘rinlarini yaratishni jadallashtirish va ijtimoiy himoyani kengaytirish» qo‘shma dasturi doirasida o‘tkazilmoqda. Dastur BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha Qo‘shma jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriladi. BMTTD, shuningdek, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga hissa qo‘shgan Yevropa Ittifoqi va mamlakatlar hukumatlariga minnatdorlik bildirdi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.