Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Muhofaza etiladigan va saqlanadigan hududlarda zoonoz patogenlarning hayvonlardan odamlarga yuqish xavfini kamaytirish tabiatni muhofaza qilish, veterinariya va jamoat salomatligi sohalarining muvofiqlashtirilgan harakatlarini talab qiladi. Ushbu salohiyatni mustahkamlash maqsadida 21–22-sentabr kunlari Toshkent shahrida “Yagona salomatlik” (One Health) yondashuvi va bioxavfsizlik bo‘yicha amaliy trening o‘tkazildi. Unda O‘zbekistonning turli hududlaridan muhofaza etiladigan hududlar mutaxassislari, shuningdek yovvoyi tabiat, chorvachilik, ekotizimlar va inson salomatligi bo‘yicha mutaxassislar ishtirok etdi.
Zoonoz patogenlarning hayvonlardan odamlarga yuqishi patogen yovvoyi yoki uy hayvonidan insonga o‘tganda sodir bo‘ladi. Bunday yuqish ehtimolini kamaytirish “Yagona salomatlik” yondashuviga muvofiq yovvoyi hayvonlar, chorva mollari, odamlar va ularning umumiy atrof-muhiti o‘zaro ta’sir qiladigan joylardagi xavflarni tushunish va boshqarishni talab qiladi.
“Tabiatni muhofaza qilish ‘Yagona salomatlik’ yondashuvining muhim qismidir. Sog‘lom ekotizimlar va yovvoyi hayvonlar populyatsiyalarini saqlash hamda yovvoyi hayvonlar, chorva mollari va odamlar qayerda va qanday o‘zaro ta’sir qilishini yaxshiroq tushunish orqali biz zoonoz kasalliklarning hayvonlardan odamlarga yuqish xavfining oldini olish va uni kamaytirishga yordam bera olamiz”, – dedi IUCN Tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha harakatlar dasturining katta dastur menejeri Dao Nguyen. “Muhofaza etiladigan hududlar hamda ularni boshqaradigan va o‘rganadigan insonlar biologik xilma-xillikni saqlash bilan kengroq salomatlik xavfsizligini bog‘lashda muhim rol o‘ynaydi”.
O‘zbekiston “Yagona salomatlik” bo‘yicha milliy ustuvorliklarni belgilash jarayonida sakkizta ustuvor zoonoz kasallikni aniqlagan: Qrim-Kongo gemorragik isitmasi, kuydirgi, quturish, brutsellyoz, zoonoz sil, o‘lat, gripp va exinokokkoz. Trening davomida ushbu va mamlakat uchun dolzarb bo‘lgan boshqa misollar inson–hayvon–atrof-muhit o‘zaro ta’siri doirasidagi potensial kasallik xavflarini hamda muhofaza etiladigan hududlar xodimlarining ularni aniqlash va ular haqida xabar berishdagi rolini ko‘rib chiqish uchun qo‘llanildi.
“Yovvoyi tabiat bilan bevosita ishlaydigan insonlar, jumladan, reynjerlar, inspektorlar va tadqiqotchilar ko‘pincha hayvonlarning noodatiy xatti-harakatlari, kasallik belgilari yoki nobud bo‘lish holatlarini birinchi bo‘lib kuzatadilar. Ularning xavflarni aniqlash, kuzatuvlarni hujjatlashtirish va tegishli organlarga tezkor yetkazish salohiyatini mustahkamlash erta ogohlantirish va muvofiqlashtirilgan javob choralariga muhim hissa qo‘shishi mumkin”, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti katta ilmiy xodimi Elena Bykova. „Ba’zan biz, amaliyotchi mutaxassislar va tadqiqotchilar sifatida, zoonoz patogenlarning hayvonlardan odamlarga yuqishi xavfini yetarlicha baholamasligimiz va kundalik ishimizda muhim bioxavfsizlik choralariga e’tibordan chetda qoldirishimiz mumkin. Bunday treninglar biz duch keladigan xavflarni yaxshiroq tushunish, xabardorligimizni oshirish va tegishli bioxavfsizlik amaliyotlarini kundalik ishimizning ajralmas qismiga aylantirishga yordam berishi bilan nihoyatda muhimdir.“
Treningda 20 ga yaqin ishtirokchi, jumladan, “Sayg‘oq” kompleks landshaft buyurtmaxonasi, “Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bog‘i, Chotqol davlat biosfera qo‘riqxonasi va “Zarafshon” milliy tabiat bog‘ining reynjerlari, inspektorlari va tadqiqotchilari qatnashdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Virusologiya instituti, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti hamda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi vakillari va ekspertlari ishtirok etdi.
Texnik sessiyalar, amaliy mashg‘ulotlar va real vaziyatlarga asoslangan ssenariylar orqali ishtirokchilar bioxavfsizlik amaliyotlari, hayvonlar bilan xavfsiz muomala qilish, kuzatuv va erta ogohlantirish, kasallik tarqalishi holatlarini tekshirish va yovvoyi hayvonlar kasalliklari xavfini tahlil qilish, shuningdek barqaror turizm va mahalliy hamjamiyatlar bilan o‘zaro aloqalarni ko‘rib chiqdilar. Amaliy mashg‘ulotlar shaxsiy himoya vositalarini to‘g‘ri tanlash va ulardan xavfsiz foydalanish, shuningdek yovvoyi hayvonlarning nobud bo‘lish holatlari bilan bog‘liq xavflarni baholashni o‘z ichiga oldi. Trening davomida IUCNning “Yagona salomatlik” (One Health) bo‘yicha tegishli qo‘llanmalari va ularni muhofaza etiladigan va saqlanadigan hududlarda amaliy qo‘llash masalalari ham ko‘rib chiqildi.
“‘Yagona salomatlik’ va bioxavfsizlik bo‘yicha trening dasturi O‘zbekistonda o‘tkazilganidan juda mamnunman, chunki unda mahalliy hamjamiyatlar uchun ham, tabiatni muhofaza qilish uchun ham nihoyatda dolzarb bo‘lgan masalalar ko‘rib chiqildi. Bizning bog‘imiz uzun va tor hududni egallaydi, devor bilan o‘ralmagan va aholi yashash joylari bilan chegaradosh. Shu sababli chorva mollari bog‘ hududiga kirib, yovvoyi hayvonlar bilan o‘zaro aloqaga kirishishi mumkin. Shuningdek, kasalliklar tarqalishi xavfini tug‘dirishi mumkin bo‘lgan qarovsiz itlar bilan bog‘liq muammolarga ham duch kelamiz. Umid qilamanki, ushbu dastur mazkur xavflarni boshqarish bo‘yicha salohiyatimizni mustahkamlaydi hamda sog‘lom ekotizimlar, yovvoyi tabiat va mahalliy hamjamiyatlarni qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi”, – dedi “Zarafshon” milliy tabiat bog‘i ilmiy xodimi Alexandra Zaslavskaya.
“Zoonoz patogenlarning hayvonlardan odamlarga yuqish xavfini kamaytirishda har bir inson o‘z rolini va qachon boshqa mutaxassislarni jalb qilish kerakligini tushunishi muhim”, – dedi treningni olib borgan Dr Marc Valitutto, One Health Science yovvoyi tabiat veterinariya shifokori va bioxavfsizlik bo‘yicha mutaxassisi. “Muhofaza etiladigan hudud xodimi noodatiy holatni birinchi bo‘lib kuzatishi mumkin, veterinar uning hayvonlar salomatligiga ta’sirini o‘rganishi, jamoat salomatligi mutaxassislari esa odamlar uchun potensial xavfni baholashi mumkin. Maqsad – axborotning tezkor va xavfsiz tarzda tegishli choralarni ko‘rishga eng yaxshi tayyorlangan mutaxassislarga yetib borishini ta’minlash”.
Trening yakunida ishtirokchilar o‘zlarining muhofaza etiladigan hududlari uchun “Yagona salomatlik” (One Health) yondashuvi bo‘yicha harakat rejalarini ishlab chiqishga qaratilgan mashg‘ulot o‘tkazildi. Ikki kun davomida o‘tkazilgan amaliy mashg‘ulotlar va olingan bilimlarga tayangan holda, ular kuzatuv tizimini kuchaytirish, zoonoz patogenlarning hayvonlardan odamlarga yuqishi bilan bog‘liq potensial xavflarni boshqarish hamda tabiatni muhofaza qilish, ilmiy-tadqiqot va bioxavfsizlik sohalari mutaxassislari o‘rtasidagi hamkorlikni yaxshilash bo‘yicha amaliy qadamlarni belgilab oldilar.