Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi Belgiyaning O‘zbekistondagi birinchi Favqulodda va Muxtor elchisi Mattias Kende bilan turistik hamkorlikni rivojlantirish va ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro turistik oqimni oshirish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi xabar berdi.
Uchrashuv 22 sentyabr kuni bo‘lib o‘tdi. Tomonlar ikki mamlakatning turizm sohasidagi hamkorligining joriy holati va uni yana-da kengaytirish istiqbollarini ko‘rib chiqdi.
Belgiya tomoni O‘zbekiston va Belgiya o‘rtasidagi transport qatnovini yaxshilash, jumladan, ikki davlat poytaxtlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini o‘rganishni taklif qildi.
Turizm qo‘mitasi raisi xorijiy aviakompaniyalarni O‘zbekistonda yangi yo‘nalishlarni ochishga rag‘batlantirish uchun davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari va subsidiyalash mexanizmlari amal qilayotganini taʼkidladi.
Tomonlar ikki mamlakatning turistik salohiyatini targ‘ib qilish va O‘zbekistonning turistik brendini Belgiya hamda Yevropa bozorlarida namoyish etish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi. Shu munosabat bilan O‘zbekistonning 2029 yilda har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan “Europalia” xalqaro festivalida «Mehmon mamlakat» maqomida ishtirok etish imkoniyatini ko‘rib chiqish taklif etildi.
Muzokaralar davomida turizm va mehmondo‘stlik sohasiga investitsiyalarni jalb qilish shartlari, jumladan, investorlar uchun amaldagi subsidiyalar va imtiyozlar haqida ham maʼlumot berildi.
Bundan tashqari, tomonlar turizm va mehmonxona sohalari uchun mutaxassislar tayyorlash, taʼlim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish va kasbiy tajriba almashish masalalarini muhokama qildi.
Belgiya Milliy turizm maʼmuriyati vakillari 25–27 noyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida (TMTYA–2026) ishtirok etishga taklif qilindi. Yarmarka doirasida BMT Turizm tashkiloti (UN Tourism) bilan hamkorlikda tashkil etiladigan «2027 yil — Barqaror va bardoshli turizm xalqaro yili»ning ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tadi.
Uchrashuv yakuniga ko‘ra, tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, amaliy aloqalarni kengaytirish va turizm sohasida yangi qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishga tayyorligini tasdiqladi.