Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda 2026 yilning sakkiz oyi yakunlariga ko‘ra, kambag‘allik darajasi 5,8 foizdan 3,9 foizgacha pasaydi. Bu haqda Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
2026 yil uchun 1,1 million nafar fuqaro yoki 263 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish va kambag‘allik darajasini 5,8 foizgacha tushirish vazifasi belgilangan edi. Sakkiz oy davomida Ijtimoiy reyestrga kiritilgan 515 ming oila uchun individual rejalar ishlab chiqildi.
Ushbu rejalar doirasida kam taʼminlangan 390 ming oilaga daromadlarni oshirishga qaratilgan bandlik sohasida 554 mingta xizmat ko‘rsatildi. 160 mingdan ortiq fuqaro ishga joylashtirildi, 67 ming nafari imtiyozli kredit va subsidiyalar oldi, 304 ming nafari tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilindi, yana 22 ming kishi kasb-hunarga o‘qitildi.
Hokim yordamchilari tomonidan qariyb 55 mingta mikroloyiha ishga tushirildi. Ularning natijasida 164 ming nafar fuqaroning daromadi oshdi. Kam taʼminlangan oilalarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun 700 milliard so‘m kredit hamda 77 milliard so‘m ssuda va subsidiyalar ajratildi.
1 800 dan ortiq kam taʼminlangan oilaga ko‘chatxonalar tashkil etish va dorivor o‘simliklar yetishtirish uchun o‘rmon fondining 1,4 ming gektar yer maydoni ijaraga berildi. Bandlik vazirligi maʼlum qilishicha, bu oilalarga o‘z mehnati hisobiga daromad olish imkonini bergan.
Kam taʼminlangan oilalar farzandlarini qo‘llab-quvvatlashga ham alohida eʼtibor qaratildi. 125 ming nafar bola qo‘shimcha to‘garaklarga jalb qilindi, buning uchun byudjetdan qariyb 130 milliard so‘m ajratildi. Yana qariyb 50 ming nafar bola IT, xorijiy tillar, elektron tijorat, SMM va grafik dizayn yo‘nalishlarida bepul taʼlim oldi.
Germaniya tashkilotlari bilan hamkorlikda og‘ir sharoitdagi 37 ta tumanda joylashgan 89 ta texnikumda qariyb 1 600 nafar o‘quvchi tadbirkorlik yo‘nalishida taʼlim olishni boshladi.
Tibbiy yordam doirasida Ijtimoiy reyestrga kiritilgan 351 ming nafar fuqaro davolandi. Qariyb 8,5 ming kishi jarrohlik amaliyotidan o‘tkazilib, sog‘ayganidan so‘ng mehnat bozoriga qaytarildi.
33 ta tuman va 330 ta mahallada, shuningdek, og‘ir sharoitdagi 37 ta tuman va 915 ta mahallada infratuzilmani yaxshilash uchun jami 7,7 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Mablag‘lar ichimlik suvi taʼminoti, elektr taʼminoti, yo‘llar, ijtimoiy obyektlar va boshqa infratuzilmani yaxshilashga mo‘ljallangan.
Natijada 49 ta tuman va 3 500 ta mahalla kambag‘allikdan xoli hududlarga aylantirildi. Yil yakuniga qadar qo‘shimcha vazifalar ham belgilandi: 350 ming nafar fuqaroni ishga joylashtirish, yana 1 million nafar aholining daromadlarini oshirish va 230 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish.
Buning uchun aholi bandligini taʼminlash va daromadlarini oshirish bo‘yicha yangi diagnostika tizimini ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Uning asosiy tamoyili avvalo muayyan fuqaroning ishsizligi yoki kambag‘alligi sabablarini aniqlash, so‘ngra unga mos yechimni tanlashdan iborat.
Tizim bir necha bosqichda ishlaydi. Dastlab hokim yordamchisi xonadonbay o‘rganish jarayonida vaziyatni tahlil qilib, maʼlumotlarni “Onlayn-mahalla” platformasiga kiritadi. Keyin ishsizlik yoki kambag‘allik sabablari aniqlanib, individual reja shakllantiriladi.
Shundan so‘ng sunʼiy intellekt yordamida fuqarolar toifalarga ajratiladi va mahallaning “yettiligi”dagi tegishli xodimga biriktiriladi. Individual reja mahallaning “yettiligi” tomonidan kollegial tarzda tasdiqlanadi hamda har chorakda yangilanadi.
«Kambag‘allikdan farovonlik sari» dasturi doirasida hokimiyat oilalar bilan individual ishlashni, daromad manbalarini yaratishni, tadbirkorlikni rivojlantirishni, inson kapitalini oshirishni va muammoli hududlarni kompleks rivojlantirishni davom ettirishni rejalashtirmoqda.
«Bizning asosiy maqsadimiz kambag‘allikni vaqtincha qisqartirish emas, balki oilani barqaror daromadga olib chiqish, uning yana kambag‘allik holatiga tushib qolishining oldini olish va eng muhimi, aholi farovonligini taʼminlashdir», — deya taʼkidladi Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi.