Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rafiqasi hamrohligida davlat tashrifi bilan Seul shahriga keldi.
Koreya Respublikasi Harbiy-havo kuchlarining Seuldagi aviabazasida oliy martabali mehmonlarni tantanali kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi. Davlatimiz rahbari sharafiga faxriy qorovul saf tortdi, artilleriya toʻplaridan salyut berildi.
Oʻzbekiston Prezidentini Bosh vazir oʻrinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Ku Yun Chxol hamda boshqa rasmiylar kutib oldi.
Uch kunlik tashrif doirasida Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myon bilan tor doirada va kengaytirilgan tarkibda muzokaralar, Milliy Assambleya Spikeri Cho Chjon Shik, Bosh vazir Xan Son Suk, Koreyaning yirik kompaniyalari va moliya institutlari rahbarlari hamda ushbu mamlakatda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan uchrashuvlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbari Oʻzbekiston – Koreya biznes forumining ochilishida nutq soʻzlaydi.
16-sentabr kuni Prezidentimiz birinchi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammitida ishtirok etadi.
Tashrifning siyosiy va iqtisodiy kun tartibidagi tadbirlar bilan bir vaqtda Koreya poytaxti va boshqa shaharlarida Oʻzbekiston madaniyati kunlari oʻtkaziladi.