Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston hududi orqali Xitoy — Eron yo‘nalishida birinchi blok-poyezd yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda “O‘ztemiryo‘lkonteyner” matbuot xizmati xabar berdi.
Yangi yo‘nalishni tashkil etishda «O‘zbekiston temir yo‘llari»ning tarkibiy korxonasi ishtirok etdi. 55 vagondan iborat birinchi poyezd avtomobil ehtiyot qismlari, xalq isteʼmoli mollari va boshqa yig‘ma yuklarni tashimoqda.
Yo‘nalish Xitoydagi Chensyan stansiyasidan boshlanib, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmaniston hududlari orqali Saraxs chegara stansiyasigacha davom etadi. Yo‘nalishning umumiy uzunligi 6 ming kilometrdan oshadi.
Tarkib Qozog‘iston temir yo‘llari (KTJ) tomonidan Xorgos — Oltinko‘l chegara o‘tish punktida qabul qilindi. 7 sentyabr kuni poyezd belgilangan yo‘nalish bo‘yicha Oltinko‘l stansiyasidan yo‘lga chiqdi.
Keyingi bosqichda blok-poyezd Keles stansiyasi orqali O‘zbekiston hududiga kirib keladi, shundan so‘ng Xo‘jadavlat stansiyasi orqali Turkmanistonga yo‘l oladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, poyezd manzilga 14–16 kun ichida yetib borishi kerak.
“O‘ztemiryo‘lkonteyner” maʼlum qilishicha, kelgusida Xitoy — Markaziy Osiyo — Eron koridori bo‘ylab konteynerli blok-poyezdlarni muntazam harakatlantirishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
Joriy yil iyun oyida kompaniya Janubi-Sharqiy Osiyodan Tojikistonga yuk tashish bo‘yicha ham sinov perevozkasini amalga oshirgan. Palma moyi ortilgan konteyner Malayziyaning Klang shahridagi portdan Dushanbe shahriga 32 kunda yetkazilgan. Bunda yuk 15 kun dengiz transportida va 17 kun temir yo‘l orqali tashilgan.