Iqtisod

Seulda O‘zbekiston mahsulotlari ko‘rgazmada namoyish etilmoqda

Seulda O‘zbekiston mahsulotlari ko‘rgazmada namoyish etilmoqda
Seulda O‘zbekiston mahsulotlari ko‘rgazmada namoyish etilmoqda  / Foto: Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Seulda «O‘zbekiston — Koreya mintaqalararo forumi» doirasida O‘zbekistonning Koreya bozoridagi eksport salohiyatini namoyish etuvchi Made in Uzbekistan milliy ko‘rgazmasi o‘tkazilmoqda.

Tadbir tashkilotchilari maʼlum qilishicha, Qishloq xo‘jaligi vazirligi ko‘magida ko‘rgazmada eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlarning 69 turi 32 ta yirik ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan namoyish etilmoqda.

Stendlarda quritilgan va qayta ishlangan meva-sabzavotlar, tabiiy sharbatlar, ziravorlar, dukkakli mahsulotlar, qandolat mahsulotlari, milliy taomlar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari o‘rin olgan. Mehmonlar uchun, shuningdek, palov, moshkichiri, noxat sho‘rak, jiz va qovurdoqdan tatib ko‘rish imkoniyati yaratilgan.

Ishtirokchilarning taʼkidlashicha, Koreya kompaniyalari quritilgan meva va sabzavotlar, o‘rik, yong‘oq, kunjut, qovoq urug‘i moyi, achchiq qalampir, kashnich, qandolat mahsulotlari va salqin ichimliklarga qiziqish bildirmoqda.

Koreyaning savdo kompaniyalari, jumladan, E-Mart va Singshun LLP vakillari bilan O‘zbekiston mahsulotlarini Koreya bozoriga yetkazib berish, savdo hajmlarini oshirish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Ko‘rgazma doirasida B2B uchrashuvlari va biznes-forumlar ham o‘tkazilmoqda. Ularda tadbirkorlar tijorat kelishuvlari, savdo aloqalarini rivojlantirish va investitsiyaviy hamkorlik istiqbollarini muhokama qilmoqda.

O‘zbekistonning Koreyadagi Savdo uyi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan tayyor va qayta ishlangan, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlarni Koreya bozoriga olib chiqishning yangi mexanizmlarini ishga tushirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.