Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi Qonunni imzoladi.
Hujjat 2026 yil 24 fevralda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan va 2026 yil 19 mayda Senat tomonidan maʼqullangan.
Hujjat muqaddimasida qayd etilganidek, mamlakatda sud hokimiyati mustaqilligi va sudyalar daxlsizligini taʼminlash, odil sudlovni amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi omillarni bartaraf etish hamda fuqarolarning sud tizimiga bo‘lgan ishonchini oshirish bo‘yicha izchil choralar ko‘rilmoqda.
Shu munosabat bilan sudga nisbatan hurmatsizlik holatlarining oldini olishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish hamda sud ishlarini hal etishga aralashganlik uchun javobgarlik choralarini aniqlashtirish zarurati yuzaga kelgan.
Jinoyat kodeksi moddasi aniqlashtirildi
Qonun bilan Jinoyat kodeksining 236-moddasi yangi tahrirda bayon etildi. Yangilangan normaga ko‘ra, tergov yuritilishiga aralashish, yaʼni muayyan ishni har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘rganishga to‘sqinlik qilish maqsadida tergovchi yoki prokurorga har qanday shaklda qonunga xilof taʼsir o‘tkazish uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Sud ishlarini hal etishga aralashish, yaʼni muayyan ishni har tomonlama, to‘liq va xolisona ko‘rib chiqishga to‘sqinlik qilish yoki adolatsiz qaror, hukm, ajrim yoki qaror chiqarilishiga erishish maqsadida sudya yoki xalq maslahatchisiga har qanday shaklda qonunga xilof taʼsir o‘tkazish uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Agar mazkur harakatlar mansabdor shaxs tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, ular uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish, muayyan huquqdan mahrum etgan holda jazolanadi.
Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha
Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 180-moddasiga ham o‘zgartirish kiritildi. Modda dispozitsiyasidagi «sud majlisi vaqtida» degan so‘zlardan keyin «yoki sud binosida» degan so‘zlar bilan to‘ldirildi.
Shu tariqa sudga nisbatan hurmatsizlik uchun maʼmuriy javobgarlik nafaqat bevosita sud majlisi vaqtida, balki sud binosida tartibni buzganlik holatlari uchun ham belgilanmoqda.
Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.