O‘zbekiston va Serbiya savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytiradi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 7 sentyabr kuni Belgrad shahrida O‘zbekiston-Serbiya iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyasining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda Serbiya xalqaro iqtisodiy aloqalar vaziri Nenad Popovich hamraisligida o‘tkazildi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, investitsiyalar hajmini oshirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Erkin savdo to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha muzokaralarni boshlashga tayyorgarlik ko‘rishga alohida eʼtibor qaratildi.
Hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida farmatsevtika, to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi, muhim minerallar, raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt belgilandi.
Yig‘ilish ishtirokchilari, shuningdek, ikki davlat o‘rtasida yuk tashishni soddalashtirish masalalari hamda temir yo‘l infratuzilmasi sohasidagi hamkorlik istiqbollarini ko‘rib chiqdi.
Hukumatlararo komissiyaning ikkinchi yig‘ilishini 2027 yilda O‘zbekistonda o‘tkazish rejalashtirilgan.
Tashrif doirasida Laziz Qudratov Serbiyaning yirik kompaniyalari rahbarlari bilan ham qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi. Tomonlar ishbilarmonlik aloqalarini yana-da rivojlantirish hamda ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlik qilish imkoniyatlarini muhokama qildi.