O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
Madaniyat

Toshkentda O‘zbekiston va Qozog‘iston yozuvchilari forumi o‘tkaziladi

Dilafro'z Niyazova · 01.09.2026 · 13:35 · 29 views
Toshkentda O‘zbekiston va Qozog‘iston yozuvchilari forumi o‘tkaziladi
Toshkentda O‘zbekiston va Qozog‘iston yozuvchilari forumi o‘tkaziladi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahri va Toshkent viloyatida 2026 yil 2–3 sentyabr kunlari «Turkiy dunyoning maʼnaviy merosi: adabiyot — davrlar va avlodlar muloqoti» mavzusida O‘zbekiston va Qozog‘iston yozuvchilar forumi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda tadbir tashkilotchilarining qo‘shma press-relizida maʼlum qilindi.

Forum O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi, 1926 yilda Bokuda bo‘lib o‘tgan Birinchi Turkologiya kongressining 100 yilligi hamda o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligiga bag‘ishlangan. Tadbirga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Alisher Navoiy yubileyiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyalar o‘tkazish tashabbusi alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Forum tashkilotchilari O‘zbekiston Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, O‘zbekiston Madaniyat vazirligi, Toshkent viloyati hokimligi, O‘zbekiston va Qozog‘iston yozuvchilar uyushmalari hamda Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi hisoblanadi.

2 sentyabr kuni tadbirlar Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Qaramanas qishlog‘idagi Rahmatulla Raimqulov nomidagi 34-maktabda boshlanadi. Bu yerda yangi o‘quv yilining tantanali ochilishi va Birinchi qo‘ng‘iroq marosimi, yangilangan maktab kutubxonasi va kovorking hududining ochilishi, kutubxona fondiga kitoblar topshirilishi, shuningdek, ijodiy uchrashuvlar va «Rahmatulla Raimqulov: avlodlarni birlashtiruvchi meros» mavzusida ochiq dars o‘tkaziladi. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov o‘quvchilarga O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan maʼruza qiladi.

Forum tadbirlarida O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlarining maslahatchilari Xayriddin Sultonov va Malik Otarbayev, O‘zbekiston maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Eʼzozxon Karimova, O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Qozog‘istonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yerali Tug‘janov, O‘zbekiston va Qozog‘iston yozuvchilar uyushmalari raislari Sirojiddin Sayidov va Mereke Kulkenov, Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi prezidenti Aqto‘ti Raimqulova, shuningdek, ikki davlatning taniqli yozuvchilari, shoirlari, olimlari va ijodiy ziyolilari ishtirok etadi.

3 sentyabr kuni forum Toshkent shahrida davom etadi. Tadbirlar Alisher Navoiy haykali poyiga gul qo‘yish marosimi bilan boshlanadi. Dasturdan Birinchi Boku Turkologiya syezdining 100 yilligiga bag‘ishlangan arxiv materiallari ko‘rgazmasi, yalpi majlis, «O‘zbekiston va Qozog‘iston adabiy muloqoti: umumiy meros, zamonaviylik va hamkorlikning yangi ufqlari» mavzusidagi sessiya, kitoblar taqdimotlari hamda «Turkiy dunyo adabiy hamkorligining yangi ufqlari» mavzusida davra suhbati o‘rin olgan.

Tashkilotchilarning taʼkidlashicha, muhokamalar markazida o‘zaro tarjimalar va qo‘shma nashriyot loyihalarini rivojlantirish, yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, adabiy merosni raqamlashtirish, shuningdek, O‘zbekiston va Qozog‘iston yozuvchilari, olimlari, tarjimonlari va madaniy muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari turadi.

Forumning asosiy yakuni uzoq muddatli adabiy va madaniy hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini belgilab beruvchi Toshkent deklaratsiyasining qabul qilinishi bo‘ladi. Hujjat O‘zbekiston va Qozog‘iston yozuvchilar uyushmalari raislari hamda Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi prezidenti tomonidan imzolanadi.

Tashkilotchilar rejasiga ko‘ra, forum O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p asrlik maʼnaviy va adabiy aloqalarni mustahkamlash, qo‘shma madaniy tashabbuslar uchun yangi imkoniyatlar ochish hamda ikki qardosh mamlakat yozuvchilar forumini muntazam o‘tkazish uchun zamin yaratishga qaratilgan.