Toshkentda IMTECH 2026 xalqaro forumi o‘tkaziladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — «Innovatsion materiallar va texnologiyalar» xalqaro forumi — IMTECH 2026 2026 yil 9–11 dekabr kunlari Toshkentdagi CAEx (Central Asian Expo Uzbekistan) Xalqaro ko‘rgazmalar markazida bo‘lib o‘tadi.
Tadbir tashkilotchilari O‘zbekistonning SAYS ko‘rgazma kompaniyasi va Rossiyaning “Mir-Ekspo” ko‘rgazma kompaniyasi hisoblanadi. Bu haqda SAYS ko‘rgazma kompaniyasi xabar berdi.
Forum tarkibiga to‘rtta ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma ekspozitsiyasi kiradi. ChemTech sanoat kimyosiga, CompositeTech kompozit va muhandislik materiallariga, AdhesiveTech yelim texnologiyalari va germetik materiallarga, GlassTech esa shisha texnologiyalari va arxitektura shishasiga bag‘ishlanadi.
IMTECH turli mamlakatlardan ishlab chiqaruvchilar, uskunalar yetkazib beruvchilar, texnologiya ishlab chiquvchilar, ilmiy tashkilotlar, investorlar va sanoat korxonalarini birlashtiruvchi xalqaro tarmoq platformasi sifatida tashkil etilmoqda. Forum xalqaro sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish, investitsiyalarni jalb qilish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va zamonaviy texnologik yechimlarni joriy etishga qaratilgan.
Forumning ishbilarmonlik dasturidan sohaviy konferensiyalar, panel muhokamalari, innovatsion loyihalar taqdimotlari, B2B muzokaralar hamda biznes, davlat tuzilmalari, sohaviy assotsiatsiyalar va xalqaro tashkilotlar vakillari o‘rtasidagi uchrashuvlar o‘rin olgan.
Tashkilotchilar IMTECH 2026ni zamonaviy materiallar, kimyoviy texnologiyalar, kompozit materiallar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish yo‘nalishlarini birlashtiruvchi Markaziy Osiyodagi eng yirik ixtisoslashtirilgan maydon sifatida taqdim etmoqda.
Forumda kimyo, qurilish va ishlab chiqarish tarmoqlaridan xomashyo, uskunalar va tayyor mahsulotlar ishlab chiqaruvchilari, sohaviy assotsiatsiyalar, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari hamda injiniring kompaniyalari ishtirok etishi kutilmoqda.