Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Xitoy O‘zbekiston bilan savdo hajmini kengaytirish, o‘zbek mahsulotlari importini oshirish va energetika, sunʼiy intellekt hamda zamonaviy qishloq xo‘jaligini o‘z ichiga olgan bir qator sohalardagi hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyor. Bu haqda Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syanning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi davomida aytgan so‘zlariga tayanib, “Sinxua” axborot agentligi xabar berdi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda Xitoy bosh vaziri Pekinning Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temir yo‘li loyihasini sifatli amalga oshirishni taʼminlashga tayyorligini tasdiqladi. Shuningdek, u ikki tomonlama savdoni kengaytirish niyati borligini bildirdi.
Li Syan Xitoy O‘zbekistonga xitoylik kompaniyalarning investitsiya kiritishini qo‘llab-quvvatlashini va XXRning ko‘proq korxonalari O‘zbekiston bozoriga kirib kelishidan manfaatdor ekanini taʼkidladi. U o‘zbek tomoni biznes yuritish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun qulay sharoitlar yaratishni davom ettirishiga umid bildirdi.
O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov bilan muzokaralar davomida Xitoy hukumati rahbari Pekin O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan sifatli va ixtisoslashtirilgan mahsulotlarni ko‘proq xarid qilishga tayyorligini maʼlum qildi.
Xitoy, shuningdek, O‘zbekistonni o‘z mahsulotlarini ilgari surish va Xitoy bozoriga chiqish uchun Xitoy xalqaro import ko‘rgazmasi hamda boshqa platformalar imkoniyatlaridan faolroq foydalanishga chaqirdi.
Tomonlar tarmoqlararo hamkorlikni kengaytirish istiqbollariga ham alohida eʼtibor qaratdilar. Li Syanning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy ikki mamlakatning rivojlanish strategiyalarini muvofiqlashtirishga, energetika, tabiiy resurslar, sunʼiy intellekt, zamonaviy qishloq xo‘jaligi va boshqa yo‘nalishlardagi hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyor.