Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonning Farg‘ona viloyati oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va chorvachilik sohalarida Saudiya Arabistonining Almarai kompaniyasi bilan hamkorlik qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.
Qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari viloyat hokimi Xayrullo Bozorov va Almarai kompaniyasi bosh ijrochi direktori Favvoz bin Muhammad Al-Jasser o‘rtasidagi uchrashuvda muhokama qilindi. Uchrashuv Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar Xayrullo Bozorovning Saudiya Arabistoniga amaliy tashrifi doirasida o‘tkazildi. Tomonlar kompaniyaning tajribasi va texnologiyalarini viloyatda joriy etish, shuningdek, o‘zaro manfaatli investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Jumladan, Farg‘ona viloyatida yetishtiriladigan meva-sabzavotlarni chuqur qayta ishlash, qo‘shilgan qiymati yuqori bo‘lgan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish, zamonaviy chorvachilik majmualarini qurish, shuningdek, go‘sht yetishtirish va uni qayta ishlash bo‘yicha qo‘shma korxonalar tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv ishtirokchilarining baholashicha, viloyatning qishloq xo‘jaligi salohiyati, xomashyo bazasi, investitsiyaviy sharoitlari va eksport imkoniyatlari ushbu yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish uchun zamin yaratadi.
Takliflarni amaliy jihatdan ishlab chiqish va hamkorlikning eng istiqbolli yo‘nalishlarini belgilash masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Almarai kompaniyasi 1977 yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning bosh qarorgohi Ar-Riyod shahrida joylashgan.
Kompaniya sut mahsulotlari, sharbatlar, non va non mahsulotlari, parrandachilik hamda bolalar oziq-ovqati segmentlarida faoliyat yuritadi. Uning ishlab chiqarish tizimi xomashyo yetishtirishdan tortib, mahsulotlarni qayta ishlash, qadoqlash va tayyor mahsulotlarni isteʼmolchilarga yetkazib berishgacha bo‘lgan to‘liq jarayonni qamrab oladi.
Xabarda keltirilgan maʼlumotlarga ko‘ra, 2025 yilda Almarai kompaniyasining tushumi 22 milliard Saudiya riyolidan oshgan.