O‘zbekiston

O‘zbekiston pochta reytingida 11 pog‘ona yuqoriladi

O‘zbekiston pochta reytingida 11 pog‘ona yuqoriladi
O‘zbekiston pochta reytingida 11 pog‘ona yuqoriladi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Butunjahon pochta ittifoqining (BPI) Xalqaro pochta aloqasini rivojlantirish indeksi (2IPD) bo‘yicha 181 ta davlat orasida 64-o‘rinni egalladi.

O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi maʼlum qilishicha, mamlakat avvalgi natijaga nisbatan reytingda 11 pog‘ona yuqorilagan.

2IPD indeksi pochta sohasining rivojlanish darajasi, milliy pochta tizimlarining samaradorligi va ularning xalqaro pochta tarmoqlariga integratsiyalashuvini baholaydi. Avvalgi reytingda O‘zbekiston 75-o‘rinda edi.

Pochta aloqasi nafaqat xat va posilkalarni yetkazib berishda, balki elektron tijoratni rivojlantirish, aholi va biznesga logistika xizmatlarini ko‘rsatish, shuningdek, xalqaro savdoni qo‘llab-quvvatlashda ham muhim o‘rin tutadi.

Pochta infratuzilmasini modernizatsiya qilish, xizmatlar turini kengaytirish va raqamli yechimlarni joriy etish sohaning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.

Vazirlikda taʼkidlanishicha, O‘zbekistonning reytingdagi o‘rni yaxshilangani milliy pochta tizimini rivojlantirish, xizmatlar sifatini oshirish va mamlakatning global pochta tarmog‘iga integratsiyalashuvini mustahkamlash borasidagi ilgarilashni aks ettiradi.

Butunjahon pochta ittifoqi avval ham O‘zbekistonning soha rivojiga qo‘shayotgan hissasini eʼtirof etgan. 2023 yil 5 oktyabr kuni Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tgan BPI IV Favqulodda kongressining strategik sammitida mamlakat «Pochta aloqasini rivojlantirishning ko‘tarilayotgan yulduzi» mukofoti bilan taqdirlangan.

BPIning 2023 yilgi hisobotiga ko‘ra, «O‘zbekiston pochtasi» AJ pochta aloqasini rivojlantirish indeksidagi mavqeini yaxshilab, 115-o‘rindan 74-o‘ringa ko‘tarilgan.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.