Shoshilinch
Iqtisod

“O‘zbekneftgaz” Honghua Group bilan burg‘ilash qurilmalarini yetkazib berish masalasini muhokama qildi

“O‘zbekneftgaz” Honghua Group bilan burg‘ilash qurilmalarini yetkazib berish masalasini muhokama qildi
“O‘zbekneftgaz” Honghua Group bilan burg‘ilash qurilmalarini yetkazib berish masalasini muhokama qildi / Foto: “O‘zbekneftgaz” AJ.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov Xitoyning Honghua Group Limited kompaniyasi prezidenti Chjan Syaodun bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar amaldagi shartnomalarning bajarilishi, burg‘ilash uskunalarining sifati va hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi.

Muzokaralarning asosiy mavzularidan biri har birining yuk ko‘tarish quvvati 450 tonnani tashkil etuvchi to‘rtta burg‘ilash qurilmasini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma ijrosi bo‘ldi.

Abdug‘ani Sanginov zavod sinovlari va qabul qilish jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, shuningdek, uskunalarni sifat va ishonchlilik talablariga rioya qilgan holda kelishilgan muddatlarda yetkazib berish zarurligini taʼkidladi.

Uchrashuv ishtirokchilari avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimiga ega yana to‘rtta ZJ70 rusumli burg‘ilash qurilmasini xarid qilish imkoniyatini ham ko‘rib chiqdi. Ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish birinchi shartnoma bo‘yicha majburiyatlarning o‘z vaqtida bajarilishiga bog‘liq bo‘ladi.

Tomonlar zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash uchun mutaxassislar tayyorlash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratdi.

Jumladan, Honghua Group tomonidan burg‘ilash simulyatorini ishlab chiqarish imkoniyatini ko‘rib chiqish taklif etildi. U burg‘ilash yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarga amaliy ko‘nikmalarni mashq qilish va zamonaviy uskunalarda xavfsiz ishlashga tayyorgarlik ko‘rish imkonini beradi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar amaliy hamkorlikni davom ettirish, o‘zaro manfaatli loyihalarni rivojlantirish va kelishilgan vazifalarni izchil bajarishga tayyor ekanliklarini tasdiqladi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.