Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Erkinjon Turdimov oliy taʼlim sohasi rahbarlarining tizimning joriy holati, amalga oshirilayotgan islohotlar va istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan taqdimotlari bilan tanishdi.
Asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida oliy taʼlim muassasalarida taʼlim sifatini oshirish va o‘quv dasturlarini mehnat bozori ehtiyojlariga moslashtirish belgilandi. Talabalar olgan bilimlarini amaliyotda qo‘llay olishi va tanlagan kasbini ishonch bilan egallashi uchun ilm-fan bilan ishlab chiqarish o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv ishtirokchilari talabalar uchun qulay sharoitlar yaratish, mutaxassislik fanlari va xorijiy tillarni chuqur o‘rganish, shuningdek, bitiruvchilarning ishga joylashishiga ko‘maklashish masalalarini ham muhokama qildilar.
Boshqa muhim yo‘nalishlar qatorida universitetlarning ilmiy salohiyatini rivojlantirish, professor-o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlash, ilmiy ishlanmalarni iqtisodiyotning real sektoriga joriy etish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari ham qayd etildi.
Taqdimotlar yakunlari bo‘yicha oliy taʼlim tizimini faqat diplom berishga emas, balki mustaqil fikrlaydigan, chuqur bilimga va mustahkam kasbiy ko‘nikmalarga ega yosh mutaxassislarni tayyorlashga yo‘naltirish zarurligi taʼkidlandi.
Erkinjon Turdimov mavjud muammolarni tahlil qilish, ularni hal etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilash va har bir ustuvor yo‘nalish bo‘yicha amaliy natijalarga erishish muhimligini qayd etdi.