O‘zbekiston

Toshkent viloyatida yomg‘ir suvlari hovli va yerto‘lalarni bosdi

Toshkent viloyatida yomg‘ir suvlari hovli va yerto‘lalarni bosdi
Toshkent viloyatida yomg‘ir suvlari hovli va yerto‘lalarni bosdi / Foto: FVV.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 1 oktyabr kuni kechqurun yoqqan kuchli yomg‘ir Toshkent viloyatining ayrim hududlaridagi baʼzi uylarning hovlilari va yerto‘la xonalariga yomg‘ir suvlari kirishiga sabab bo‘ldi.

Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi maʼlumotlariga ko‘ra, suv toshishi bilan bog‘liq holatlar soat taxminan 19:30 da qayd etilgan.

Bo‘stonliq tumanida “Xondayliq” va “Xo‘jaobod” mahallalaridagi ayrim uylarning hovlilari va yerto‘la xonalariga suv kirgan. Chirchiq shahrida ham shunga o‘xshash holatlar «V. Haydarov» va “Iqbol” mahallalarida kuzatilgan.

Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasining hududiy bo‘linmalari zarur kuch va vositalarni tezkorlik bilan jalb qildi. Qutqaruvchilar uylar va ko‘chalarda to‘plangan yomg‘ir suvlarini chiqarish ishlarini amalga oshirdi.

Aholiga kuchli yomg‘irlar vaqtida ehtiyot choralariga rioya qilish va suv bosishi mumkin bo‘lgan hududlarda harakatlanmaslik tavsiya etildi.

Zarur hollarda fuqarolar 112 yagona dispetcherlik xizmatiga murojaat qilishlari mumkin.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.