Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2027/2028 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalarida ish beruvchi korxonalar buyurtmasi asosida dual taʼlim shaklida kadrlar tayyorlash tizimi joriy etiladi. Tegishli «Oliy taʼlimda dual taʼlim shaklida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident farmoni 2026 yil 29 sentyabrda imzolandi.
Tizim «korxona — oliy taʼlim muassasasi — maqsadli mutaxassis» tamoyili asosida mutaxassislar tayyorlashni, keyinchalik bitiruvchilarni buyurtma beruvchi korxonalarga ishga joylashtirishni nazarda tutadi.
Dual taʼlim shaklida o‘qitish uchun bakalavriat yo‘nalishlari ro‘yxati va qabul parametrlari oliy taʼlim muassasalari tomonidan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi. Qabul har yili 1 oktyabrga qadar ish beruvchi korxonalarning buyurtmalari asosida to‘lov-kontrakt shaklida amalga oshiriladi.
Dual taʼlim oliy taʼlim muassasasi, korxona va talaba o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida tashkil etiladi. Korxona o‘qish davrida talabaga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan miqdorda har oylik ish haqi to‘lash majburiyatini oladi.
O‘z navbatida, talaba o‘qishni tamomlaganidan so‘ng korxonada kamida ikki yil ishlab berishi kerak bo‘ladi.
Dual taʼlim shaklida tahsil olayotgan va Ijtimoiy reyestrga kiritilgan talabalarga ijtimoiy stipendiya to‘lanadi.
Muhandislik ishi, ishlab chiqarish va qayta ishlash, arxitektura va qurilish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalarga ikkinchi kursdan boshlab davlat granti kvotalari doirasida o‘qishni davom ettirish imkoniyati beriladi.
Dual taʼlim shaklida o‘qish davri talabaning umumiy mehnat stajini hisoblashda inobatga olinadi.
2027 yil 1 yanvardan boshlab dual taʼlim shaklida kadrlar tayyorlashda ishtirok etayotgan korxonalar uchun talabalarga biriktiriladigan ustozlar uchun maxsus kurslar tashkil etiladi.
2027/2028 o‘quv yili yakunlari bo‘yicha dual taʼlimda ishtirok etayotgan oliy taʼlim muassasalari va buyurtma beruvchi korxonalar samaradorligi reytingi shakllantiriladi. Eng yaxshi natijalarni ko‘rsatgan uchta oliy taʼlim muassasasi va uchta korxona egallagan o‘rniga qarab 1 mlrd, 2 mlrd va 3 mlrd so‘m miqdorida mukofotlanadi.
Farmonda dual taʼlim shaklida kadrlar tayyorlashda ishtirok etayotgan korxonalarni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash choralari ham nazarda tutilgan.
2027 yil 1 yanvardan boshlab o‘quv yili yakunlari bo‘yicha korxonalarga muhandislik ishi, ishlab chiqarish va qayta ishlash, arxitektura va qurilish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida dual taʼlim shaklida tahsil olayotgan har bir talaba uchun mehnatga haq to‘lash xarajatlarining 50 foizi subsidiya shaklida qoplab beriladi.
Bundan tashqari, korxonalarga «Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi» platformasida qo‘shimcha ballar beriladi. Ballar miqdori dual taʼlim shaklida o‘qishga qabul qilingan talabalar soniga qarab belgilanadi.
Oliy taʼlim muassasalari hududida dual taʼlimning amaliy bazasini yaratish uchun korxonalar tomonidan olib kiriladigan uskunalar, qurilmalar va laboratoriya jihozlari uchun 2030 yil 1 yanvarga qadar 1 foiz miqdorida bojxona boji stavkasi belgilanadi.
Shuningdek, korxonalar dual taʼlim dasturlari doirasida amaliy mashg‘ulotlar uchun xarid qilingan o‘quv uskunalari va jihozlariga nisbatan uch yillik muddatda jadallashtirilgan amortizatsiyani qo‘llash huquqiga ega bo‘ladi.