Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Ucell nPerf indeksi bo‘yicha O‘zbekistonda 5G tarmog‘i qamrovi bo‘yicha 30,32 foiz ko‘rsatkich bilan birinchi o‘rinni egalladi. UzMobile esa 93,28 foiz ko‘rsatkich bilan 4G tarmog‘i qamrovi bo‘yicha yetakchilik qilmoqda.
nPerf barometriga ko‘ra, UzMobile 22,90 foiz natija bilan 5G qamrovi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turibdi. Shu tariqa, ikki operator o‘rtasidagi farq 7,42 foiz punktni tashkil etdi.
4G segmentida Ucell 91,32 foiz ko‘rsatkich bilan ikkinchi o‘rinni egallagan. Beeline 89,43 foiz natija bilan uchinchi, Mobiuz esa 86,24 foiz ko‘rsatkich bilan to‘rtinchi o‘rinda qayd etilgan.
Tadqiqotda Beeline va Mobiuzning 5G qamrovi bo‘yicha maʼlumotlar keltirilmagan.
Hududlar kesimida 5G qamrovining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahrida qayd etilgan — 76,9 foiz. Eng past natija Toshkent viloyatida kuzatilgan — 22,0 foiz.
nPerf tadqiqoti Ucell, UzMobile, Beeline va Mobiuz tarmoqlarining milliy va hududiy darajadagi qamrovini taqqoslaydi.
Natijalar O‘zbekistonda 5G tarmog‘i hozircha cheklangan hududni qamrab olganini, 4G tarmog‘i esa ancha keng tarqalganini ko‘rsatmoqda.
«O‘zbekiston telekommunikatsiya bozori 5G texnologiyasini rivojlantirish bosqichida, 4G esa mamlakat aholisi va hududining salmoqli qismini qamrab olgan mustahkam asosni shakllantirgan», — dedi nPerf bosh direktori Sebastyen de Rosbo.
O‘lchovlar foydalanuvchilar tomonidan Android uchun nPerf ilovasi orqali amalga oshirilgan testlar asosida o‘tkazilgan.
nPerf o‘zini real foydalanuvchi tajribasiga asoslangan internet ulanishi sifatini o‘lchash bo‘yicha mustaqil platforma sifatida taqdim etadi.
Kompaniya maʼlumotlariga ko‘ra, millionlab testlar natijalaridan tarmoqlar ishlashini tahlil qilish va taqqoslama tadqiqotlar tayyorlashda foydalaniladi.