Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Bokuda ochilgan mudofaa texnologiyalariga bag‘ishlangan ADEX 2026 xalqaro ko‘rgazmasidagi O‘zbekiston milliy pavilyoniga tashrif buyurdi.
Ko‘rgazmada O‘zbekiston mudofaa vaziri general-leytenant Shuxrat Halmuxamedov va Mudofaa sanoati qo‘mitasi raisi Akmal Jumanazarov ishtirok etmoqda.
Pavilyonga tashrif chog‘ida O‘zbekiston mudofaa vaziri Ozarbayjon Prezidentini yagona milliy «Made in Uzbekistan» brendi ostida taqdim etilgan mahsulotlar bilan tanishtirdi.
Stendda harbiy mahsulotlar va ikki maqsadda foydalaniladigan tovarlar namunalari, jumladan, o‘q-dorilar, shaxsiy himoya vositalari, harbiy jihozlar, aviatsiya komponentlari, uchuvchisiz uchish apparatlari hamda dronlarga qarshi kurashish tizimlari namoyish etilgan.
O‘zbekistonning ADEX 2026 ko‘rgazmasidagi ishtiroki milliy mudofaa-sanoat majmuasining ishlab chiqarish imkoniyatlari va texnologik salohiyatini xalqaro maydonda namoyish etish, shuningdek, hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirishga qaratilgan.
ADEX 2026 bilan bir vaqtda Bokuda ichki xavfsizlik, himoya va qutqaruv ishlari sohasidagi texnologiyalarga bag‘ishlangan Securex Caspian xalqaro ko‘rgazmasi ham o‘tkazilmoqda. O‘zbekiston delegatsiyasi uning ochilish marosimida ishtirok etdi.